#rasmiy_munosabat
2024-08-08 13:35:00 / Yangiliklar
Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi muzey kuratorlari bilan birgalikda yuqorida qayd etilgan san’at asarlarini sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdi. Bu haqdagi tegishli surishtiruv va tushuntirish hisobotlari muzey muhofizlari tomonidan atroflicha qiyosiy o‘rganildi. Shu tariqa mazkur suratlar muzey kolleksiyasiga mansub emasligi hamda ularning elektron sotuvga chiqarilishi bilan O‘zbekiston davlat san’at muzeyining rekonstruksiya va joriy ta'mirlash uchun yopilishi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik mavjud emasligini alohida ta’kidlamoqchimiz.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at muzeyining barcha eksponatlari to‘liq raqamlashtirilganini, davlat muzeylaridagi elektron identifikatsiya qilinuvchi muzey ashyolari va sara to‘plamlari soni barqaror o‘sishda davom etayotganini ma’lum qilamiz. Eslatib o‘tamiz, hozirda davlat muzeylari fondlaridagi muzey ashyolari to‘plamlari soni 2,525,023 tani tashkil etadi, shundan, 1,815,211 tasi asosiy fondda, 709,812 tasi ilmiy-yordamchi fondda saqlanmoqda, 82,067 tasi esa muzey ekspozitsiyalarida namoyish etilmoqda.
Fursatdan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarning jamoat ishlarida faol va ta’sirchan foydalanuvchilariga O‘zbekiston davlat san’at muzeyi tomonidan san’at ashyolarini bezavol va bus-butun saqlash masalalariga befarq emasliklari uchun minnatdorchilik izhor qilib, topikstarterlarga o‘zlarining auditoriyasi oldidagi mas’uliyatini his qilgan holda hamda ma’lumot tarqatish odobiga rioya etib bunday masalalarda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslikka va muzey yoki vakolatli davlat organi orqali tarqatilayotgan ma’lumot haqiqatga mos kelishi yuzasidan qo‘shimcha o‘rganishga chaqirib qolamiz. Muzeylar tomonidan misqollab yig‘ilayotgan ishonchga va ishchanlik obro‘siga putur yetkazishdan saqlanishni tavsiya etgan holda, kelgusida mamlakatimiz madaniy merosi maskanlari va ashyolariga nisbatan noqonuniy munosabatda bo‘lish holatlari aniqlansa, bu haqda Agentlik va huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishlarini so‘rab qolamiz.
E’tiboringiz va hamkorligingiz uchun tashakkur.