Toshkent viloyatidagi madaniy meros obyektlari o‘rganilmoqda
2026-06-24 11:45:00 / Yangiliklar

Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyatidagi madaniy meros obyektlari va modernizm me’morchiligi namunalarining saqlanish holati o‘rganilmoqda.
Monitoring doirasida Parkent tumanidagi “Quyosh” geliokompleksi ilmiy-tadqiqot institutida o‘rganishlar olib borilib, obyektning texnik va me’moriy holati ko‘zdan kechirildi. Natijada majmuaning saqlanish darajasi qoniqarli ekani qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim qismlarini restavratsiya qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.
Ma’lumot uchun, Parkent tumanida joylashgan “Quyosh” geliokompleksi 1981–1987-yillarda bunyod etilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-apreldagi 227-son qaroriga muvofiq Madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Ayni paytda Toshkent viloyatidagi madaniy meros obyektlarini o‘rganish va nazorat tadbirlari davom etmoqda.

