Buyuk Ipak yo‘li tarixiga oid madaniy boyliklar xarid qilinadi
2026-06-12 11:05:00 / Yangiliklar

Madaniy meros agentligi tomonidan “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida “Ipak yo‘li” davlat muzeyi fondini boyitish maqsadida Buyuk Ipak yo‘lining shakllanishi, rivojlanishi hamda uning Markaziy Osiyo va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini aks ettiruvchi tarixiy materiallar, madaniy boyliklar, arxiv hujjatlari, noyob suratlar va boshqa muzey ahamiyatiga ega ashyolarni xarid qilish ishlari boshlanmoqda.
Shu munosabat bilan, mazkur davrga oid madaniy boyliklar va tarixiy ashyolarga ega bo‘lgan fuqarolar hamda kolleksionerlar ularni belgilangan tartibda baholatish va muzey fondiga topshirish uchun Madaniy meros agentligiga murojaat qilishlari mumkin. Xarid ishlari 2026-yil dekabr oyidan boshlab amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldagi “Ipak yo‘li” davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi 153-son qarori qabul qilingan bo‘lib, hozirda muzey fondini shakllantirish va boyitish ishlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun +998-90-250-77-41 telefon raqami orqali Mahmud Malikov bilan bog‘lanishlari mumkin.
