G‘uzor bekining uyi to‘liq restavratsiya qilindi
2026-05-25 16:00:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatida joylashgan G‘uzor bekining uyida keng ko‘lamli restavratsiya va qayta tiklash ishlari yakunlandi. Mazkur ishlar madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, ularning tarixiy qiyofasini saqlab qolish hamda kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida amalga oshirildi.
Qayta tiklash ishlari Shahrisabz mintaqaviy restavratsiya markazi mutaxassislari tomonidan joriy yilning mart oyidan boshlab ilmiy asosda olib borildi va may oyida to‘liq yakuniga yetkazildi. Loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq obyektni qayta tiklash ishlari uchun jami 1 mlrd. 402 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Amalga oshirilgan restavratsiya ishlari natijasida obidaning tarixiy-me’moriy qiyofasi saqlab qolindi.
Restavratsiya jarayonida obidaning devor va ichki konstruksiyalari chuqur o‘rganilib, tarixiy qatlamlar ostida saqlanib qolgan bir qator noyob me’moriy elementlar aniqlandi. Jumladan, qadimiy arkalar, an’anaviy g‘isht terimi asosidagi konstruktiv yechimlar hamda tarixiy naqsh va bezaklar ochilgan. Devor suvoq qatlamlari ostidan geometrik va o‘simliksimon ornamentlar hamda qadimiy rang izlari aniqlanib, ularni saqlab qolish maqsadida konservatsiya ishlari ham amalga oshirildi.
Mazkur inshoot XIX asr oxiri — XX asr boshlariga, ya’ni Buxoro amirligi davriga mansub bo‘lishi mumkin. Tarixiy manbalarda G‘uzor hududi Buxoro amirligining muhim bekliklaridan biri sifatida qayd etilgan bo‘lib, ushbu inshoot mahalliy beklar qarorgohi sifatida foydalanilganligi taxmin qilinadi.


