Muqaddas qadamjoda tartib, tozalik va hurmat muhim
2026-05-22 12:50:00 / Yangiliklar

Imom Buxoriy majmuasi 2026-yil 19-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tantanali ravishda ochildi. Keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlaridan so‘ng majmua yanada mahobatli, zamonaviy va milliy me’morchilik an’analariga uyg‘un qiyofa kasb etdi.
Bugungi kunda majmua hududi 45 gektarni tashkil etadi. Uning tarkibida Imom Buxoriy hazratlarining qabri (sag‘ana), 10 ming kishilik masjid, 154 ustunli milliy uslubdagi ayvonlar, 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora hamda 9 pavilondan iborat innovatsion muzey mavjud. Muzeyda buyuk allomaning hayoti, ilmiy merosi va islom olamidagi o‘rni keng yoritilgan.
Mazkur majmua nafaqat ziyorat maskani, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchilik an’analari va islom sivilizatsiyasidagi munosib o‘rnini namoyon etuvchi muhim madaniy obyekt hisoblanadi. Uni barpo etish va bugungi ko‘rinishga keltirish uchun katta mablag‘, xorijdan keltirilgan qimmatbaho marmarlar, noyob qurilish materiallari, zamonaviy texnologiyalar hamda yuksak malakali mutaxassislar mehnati sarf etilgan.
Shu bois ushbu qutlug‘ maskanga tashrif buyuruvchi har bir insondan ziyoratgoh madaniyatiga rioya qilish, majmua hududida tozalik va tartibni saqlash, binolar, ustunlar, ayvonlar, muzey ekspozitsiyalari va boshqa qimmatbaho obyektlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish so‘raladi. Afsuski, ayrim holatlarda ba’zi tashrif buyuruvchilar tomonidan majmua hududidagi qimmatbaho materiallar va inshootlarga nisbatan bepisand munosabat holatlari kuzatilmoqda. Bunday xatti-harakatlar nafaqat majmua ko‘rinishiga, balki uning uzoq yillar davomida asl holicha saqlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Unutmasligimiz kerakki, Imom Buxoriy majmuasi barchamiz uchun qadrli bo‘lgan ma’naviy merosdir. Bu yerdagi har bir bino, har bir ustun, har bir bezak va har bir ekspozitsiya katta mehnat, mas’uliyat va mablag‘ evaziga yaratilgan. Uni asrab-avaylash faqat mutasaddi tashkilotlarning emas, balki har bir tashrif buyuruvchining ham burchidir.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolar va ziyoratchilardan ushbu qutlug‘ maskanga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni, tozalik va ozodalikka amal qilishni, tartib-qoidalarga rioya etishni hamda majmuani kelajak avlodlarga munosib holda yetkazish yo‘lida mas’uliyat bilan yondashishni so‘raymiz.
