#rasmiy_munosabat
2026-05-01 16:35:00 / Yangiliklar

Buxoro shahrida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi oldiga onlayn qimor o‘yiniga oid reklama elementlarini o‘z ichiga olgan banner o‘rnatilgani yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Ushbu obyekt O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq moddiy madaniy meros obyekti sifatida davlat muhofazasiga olingan hamda YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hudud tarkibiga kiradi. Ushbu obyekt milliy va xalqaro miqyosda alohida tarixiy, me’moriy hamda madaniy ahamiyatga ega yodgorlik hisoblanadi.
Bundan tashqari, madaniy meros obyektlari hududida har qanday ommaviy tadbirlarni o‘tkazish belgilangan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi va tegishli ruxsatnoma olinishi shart. Aniqlangan holatda esa ushbu talablar buzilgan.
O‘rganishlar davomida tadbirni o‘tkazish yuzasidan Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari B.Odilov tomonidan tasdiqlangan nazorat reja Madaniy meros agentligi bilan kelishilmaganligi aniqlandi. Holat yuzasidan 2026-yil 28-aprel kuni Agentlikning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan mas’ul shaxslarga tadbirni tegishli ruxsatnoma olinmaguncha to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma xati kiritilgan. Biroq ushbu ko‘rsatma talablari bajarilmasdan tadbir o‘tkazilgani aniqlanib, 2026-yil 29-aprel kuni tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda holat belgilangan tartibda hujjatlashtirildi.
To‘plangan materiallar asosida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198⁵-moddasi 1-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma tuzilib, ish hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda sud organlariga yuborildi.
Yuqorida qayd etilgan ko‘rinish madaniy meros obyektiga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. Bu esa uning tarixiy ko‘rinishiga va madaniy ahamiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Madaniy meros agentligi yana bir bor barcha davlat idoralari va tadbirkorlarni madaniy meros obyektlarini asrash va ularga oid belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqiradi. Qonun ustuvor — jazo muqarrar!
