Madaniy merosga milliardlab zarar yetkazildi
2026-04-27 21:10:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati Navbahor tumani hududida joylashgan “Sarmishsoy davlat muzey-qo‘riqxonasi” arxeologiya yodgorligida noqonuniy qazish ishlari olib borilgani aniqlandi. Mazkur holat madaniy merosni muhofaza qilish talablarining qo‘pol ravishda buzilganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, ushbu obyekt Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Shuningdek, 2021-yil 3-martdagi 119-son qaror bilan “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasining 5000 gektar maydondagi qo‘riqlanadigan hududi belgilangan.
Shunga qaramay, joriy yilning 27-fevral kuni o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida “Golden days” xususiy korxonasi tomonidan mazkur hududda ruxsatsiz qazish ishlari olib borilayotgani aniqlangan va bu bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Qo‘shimcha o‘rganishlar natijasida 2026-yil 25-mart kuni noqonuniy qazish ishlari to‘liq o‘lchovdan o‘tkazilib, qazilgan hajm 3183,6 kub metrni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.
Eng achinarlisi, ushbu noqonuniy harakatlar oqibatida madaniy meros obyektiga 111 mlrd. 489 mln. 672 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisoblab chiqilgan. Holat yuzasidan qonunchilikka muvofiq chora ko‘rish maqsadida Madaniy meros agentligi tomonidan 2026-yil 8-aprel kuni Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga tegishli materiallar kiritilib, huquqiy baho berish so‘ralgan.
Mazkur holat madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish talablariga jiddiy putur yetkazilganini ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan, kelgusida bunday noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida Madaniy meros agentligi tomonidan nazorat tadbirlari izchil ravishda kuchaytirilishi ma’lum qilinadi.


