#rasmiy_munosabat
2026-03-31 10:05:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan 1 qavatli bino buzilayotgani yuzasidan turli xabarlar tarqaldi. Agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan manzilga borilib, monitoring ishlari olib borildi.
Ushbu bino avval poligrafiya ishlab chiqarish obyekti sifatida faoliyat yuritgan bo‘lib, 2001-yildan boshlab “Temiryo‘lchi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan. 2025-yil 4-avgust kuni ushbu obyekt fuqaro Y.V. tomonidan qonuniy tartibda sotib olingan hamda Davlat kadastr agentligi tomonidan belgilangan tartibda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan. Hozirgi vaqtda obyekt xususiy mulk sifatida ro‘yxatga olingan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq, mazkur manzilda joylashgan obyekt shakllantirilgan moddiy madaniy meros obyektlarining milliy ro‘yxatiga kiritilmaganligini ma’lum qilamiz.
Madaniy meros agentligi fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillarini ishonchli manbalarga tayanishga hamda bu kabi masalalarda faqat rasmiy axborotlarga asoslanishga chaqiradi.
