#rasmiy_munosabat
2026-03-25 16:30:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan “Chilonzor oqtepasi” arxeologiya yodgorligi hududi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada yodgorlik hududining ayrim qismlarida maishiy chiqindilar to‘planib qolgani aniqlandi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Shayxontohur tuman hokimligi bilan hamkorlikda hudud tozalanib, chiqindilarga barham berildi hamda zarur obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda yodgorlik hududini doimiy nazorat qilish va obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Arxeologiya yodgorligi hududini obodonlashtirish hamda uni devor bilan o‘rash ishlari Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 2025-yil 7-fevraldagi 2-sonli bayonnomasining 1-bandiga muvofiq, Shayxontohur tuman hokimligi tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qilamiz. Shuningdek, mazkur arxeologiya obyektida yuzaga kelgan holat yuzasidan Madaniy meros agentligi 2025-yil 14-dekabr kuni batafsil ma’lumotlarni taqdim etgan.
Ma’lumot uchun, “Chilonzor oqtepasi” arxeologiya yodgorligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, davlat muhofazasiga olingan.

