#RASMIY_MUNOSABAT
2025-12-14 17:15:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 14-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligi holatiga oid murojaat qilingan. Madaniy meros agentligi mazkur holatni chuqur o‘rganib chiqqan holda quyidagilarni ma’lum qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–261-son qarorining 8-ilovasi 3-bandiga asosan “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligini muzeylashtirish vazifasi belgilangan. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimi, arxeolog Y.Gordiyevaga Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligida arxeologik qazuv ishlari olib borish uchun 303-sonli ruxsatnoma rasmiylashtirilgan. Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida tegishli arxeologik xulosalar shakllantirilgan.
Madaniy meros agentligi (buyurtmachi) hamda “Madaniy meros obyektlarini asrash va turizm hududlarining master-rejalari bo‘yicha loyihalashtirish instituti” davlat muassasasi (loyihachi) o‘rtasida 2022-yil 13-sentabrda “Chilonzor Oqtepasi” madaniy meros obyektida asrashga doir restavratsiya, ta’mirlash-tiklash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda mualliflik nazoratini olib borish bo‘yicha 96-sonli shartnoma imzolangan. Shartnomaning 1-ilovasi 56-bandiga muvofiq loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun 78 890 964,40 so‘m mablag‘ talab etilishi belgilangan.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi “Chilonzor Oqtepasi” madaniy meros obyektiga oid loyiha-smeta hujjatlari Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasining 2023-yil 20-apreldagi 300-sonli xati asosida Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga kiritilgan. Ilmiy-ekspert kengashining 2023-yil 20-apreldagi 5-sonli yig‘ilishida loyiha dastlabki tartibda ko‘rib chiqilib, arxeologik tadqiqotlarni 6 ta 2x2 metr maydonda stratigrafik shurf yoki transheya tushirish orqali olib borish, tadqiqotlar yakuniga ko‘ra hududni 3D panjara bilan o‘rash hamda belgilangan ishlar amalga oshirilgandan so‘ng loyihani davom ettirish shartlari bilan ma’qullash tavsiya etilgan. Mazkur shartlar bajarilganidan so‘ng “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligini asrashga doir ishlar loyihasi Ilmiy-ekspert kengashining 2023-yil 28–29-sentabrdagi 18-sonli yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, loyiha muallifi hamda hududiy madaniy meros boshqarmasi nazorati ostida amalga oshirish sharti bilan ma’qullangan.
Shundan so‘ng, “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizasi” davlat unitar korxonasi tomonidan 2023-yil 24-oktabrda berilgan tegishli yig‘ma ekspert xulosasiga asosan, “Chilonzor Oqtepasi” obyektini ta’mirlash-tiklash ishlari bo‘yicha loyiha qiymati jami 132 092 691 ming so‘m (QQS bilan) etib belgilangan. Madaniy meros agentligining “2024-yilda restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladigan madaniy meros obyektlari va davlat muzeylarining manzilli ro‘yxati”ga muvofiq, 2024-yilda “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligini restavratsiya va konservatsiya qilish ishlari uchun 40.0 mln so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Madaniy meros agentligi hamda “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi” davlat muassasasi o‘rtasida 2023-yil 22-noyabrda Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya obyektida restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlarini bajarish bo‘yicha pudrat shartnomasi imzolangan bo‘lib, shartnoma qiymati 126 355 106 so‘mni tashkil etgan. Ushbu shartnomaga 2024-yil 28-martdagi qo‘shimcha kelishuvga asosan, 2023-yilda 90 139 716,90 so‘m, 2024-yilda esa 36 215 389,10 so‘m mablag‘ moliyalashtirilishi belgilangan. Bundan tashqari, “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligi atrofini obodonlashtirish va hududni devor bilan o‘rash bo‘yicha loyiha hujjatlari 2025-yil 24-yanvarda Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi tomonidan Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilgan. Mazkur loyiha Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 2025-yil 7-fevralida imzolangan 2-sonli yig‘ilish bayonining 1-masalasida Milliy arxeologiya markazi mutaxassislarini jalb etgan holda amalga oshirish sharti bilan ma’qullangan.
Bugungi kunga qadar mazkur obyekt bo‘yicha jami 100 155 241 so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan 3D panjara bilan o‘rash ishlari doirasida 126,355 mln so‘mlik ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, obyekt atrofida amalga oshirilgan obodonlashtirish va devor bilan o‘rash ishlari Toshkent shahar Shayxontohur tuman hokimligi hamda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan beg‘araz homiylik mablag‘lari hisobidan bajarilgan bo‘lib, mazkur ishlar yodgorlikni muhofaza qilish va hudud xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Yuqoridagi ma’lumot va hujjatlar “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligi hududida olib borilayotgan ishlar belgilangan tartibda, vakolatli tashkilotlar va mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Yodgorlikni saqlash, muhofaza qilish hamda ilmiy asosda rivojlantirish ishlari Madaniy meros agentligi va hududiy boshqarma tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan VI–XII asrlarga oid “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
