#rasmiy_munosabat
2026-03-06 13:50:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan “Choshtepa” arxeologiya yodgorligiga zarar yetkazilgani yuzasidan tarqalgan ma’lumotlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
2026-yil 6-mart kuni Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi bosh mutaxassislari Qutbiddin Sayfiddinov va Ulug‘bek Mirzayev hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining tayanch doktoranti Abdulhay Abdug‘aniyev tomonidan arxeologiya yodgorligida joyiga chiqib o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganish jarayonida arxeologiya yodgorligi hududida Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasisiz daraxt ko‘chatlari ekilgani, keyinchalik esa noma’lum shaxslar tomonidan ushbu ko‘chatlar kesib tashlangani aniqlangan. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, arxeologiya yodgorliklari hududida daraxt ekilishi ildizlarning o‘sishi natijasida tarixiy-madaniy qatlamlarga zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, joyida o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra kesilgan daraxtlar arxeologiya yodgorligining tarixiy qatlamlariga zarar yetkazmaganligi qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan yodgorlik atrofida istiqomat qiluvchi fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borildi hamda moddiy madaniy meros obyektlari hududida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi. Mazkur masala Madaniy meros agentligi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 265-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qaroriga muvofiq moddiy madaniy meros obyektlari hududida har qanday yer qazish, qurilish, xo‘jalik ishlari va boshqa faoliyat turlari Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, “Choshtepa” arxeologiya yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va hamda davlat muhofazasiga olingan.
