#rasmiy_munosabat
2026-02-20 22:20:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Tamaraxonim uy-muzeyida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Mazkur uy-muzeyining texnik holati so‘nggi yillarda biroz yomonlashib, bino qismlarida ta’mirtalab holat yuzaga kelgan. Xususan, 2025-yilda tom qismidan yog‘ingarchilik vaqtida yomg‘ir suvlari sizib o‘tishi kuzatilib, bu holat muzey fondida saqlanayotgan eksponatlar uchun xavf keltirib chiqarishi mumkinligi aniqlangan. Shuningdek, uy-muzeyi xonalarining harorat me’yori darajasida ta’minlash imkoniyati cheklangani qayd etilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, moddiy madaniy meros obyektini saqlab qolish va eksponatlar xavfsizligini ta’minlash hamda san’at arbobi tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlab belgilangan tartibda rekonstruksiya ishlari boshlangan.
Agentlik Ilmiy-ekspert kengashining 2023-yil 18-sentabrdagi 17-son yig‘ilishi bayonnomasiga asosan Tamaraxonim uy-muzeyini restavratsiya va konservatsiya qilish loyihasi ma’qullangan. Loyiha ijrosi ustidan nazorat loyiha muallifi va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 649-son qaroriga muvofiq Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.
2026-yil 20-fevral kuni olib borilgan o‘rganishlar natijasida obyektda rekonstruksiya ishlari belgilangan tartibda boshlangani, hozirda dastlabki qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi tomonidan mazkur obyekt hududida olib borilayotgan ishlar doimiy nazoratga olingan bo‘lib, loyihaning amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari asosida olib borilishini ma’lum qilamiz.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq Tamaraxonim uy-muzeyi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, davlat muhofazasiga olingan.
