Muzeylar sohasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi muhokama qilindi
2026-01-13 16:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 13-yanvar kuni Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Madaniy meros agentligi tomonidan 2025-yilda muzeylar sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan “Zamonaviy muzeyshunoslik va Yangi O‘zbekiston muzeylari: nazariya, amaliyot, istiqbollar” mavzusida respublika seminari bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Kuziyev, respublikaning yirik davlat muzeylari, muzey-qo‘riqxonalari va uy-muzeylari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar avvalida 2025-yilda muzeylar sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruza tinglandi. Hisobot davrida Agentlik tizimidagi davlat muzeylari tomonidan jami 4 153 ta tadbir tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 228 tasi ilmiy-amaliy anjuman va seminar, 1 982 tasi madaniy-ma’rifiy tadbir, 469 tasi ko‘rgazma, 193 tasi ko‘chma ko‘rgazma, 770 tasi mahorat darsi hamda 511 tasi teatrlashtirilgan sahna namoyishlaridan iborat bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida muzeylarga 6 102 227 nafar mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurdi hamda ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 12,5 foizga oshdi. Shu bilan birga, davlat muzeylarida elektron identifikatsiya qilinadigan muzey ashyolari va to‘plamlar soni 500 ming donaga yetkazildi hamda 100 nafar muzey rahbar va xodimlarining malakasi oshirildi.
Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Xususan, ekspozitsiyalarni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, inklyuziv muzey muhitini shakllantirish hamda multimedia vositalaridan foydalanish orqali tashrif buyuruvchilar uchun interfaol imkoniyatlarni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Muzey xodimlarining ilmiy salohiyatini oshirish, ularni zamon talablariga mos raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash, mahorat darslari, tematik va ko‘chma ko‘rgazmalar hamda ochiq muloqotlar orqali, ayniqsa, yoshlar orasida milliy merosga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish vazifalari belgilab olindi.
Tadbir doirasida seminar ishtirokchilari uchun Toshkent shahridagi qator muzeylarga tashriflar tashkil etildi, jumladan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Davlat geologiya muzeyi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangi ekspozitsiyalari bilan tanishildi.
