#RASMIY_MUNOSABAT
2025-11-10 12:35:00 / Yangiliklar

Samarqand shahar, Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari hududida olib borilayotgan qurilish ishlari yuzasidan
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri markazida, xususan Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida joylashgan hududda olib borilayotgan qurilish ishlari yuzasidan turli xabar va fikrlar tarqalmoqda. Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Samarqand shahar hokimining 2015-yil 10-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan, Amir Temur ko‘chasi 6, 12, 14 hamda Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi 3, 5, 7, 9-manzillarida joylashgan umumiy foydalanishdagi turar-joy binolari o‘rnida “Afrosiyob Stroy Servis” MChJ tomonidan ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishiga ruxsat berilgan.
Mazkur qarorga muvofiq, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ular amaldagi tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan hamda Samarqand viloyati Qurilish nazorati inspeksiyasining 2018-yil 3-iyuldagi tegishli ruxsatnomasi asosida qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun huquqiy asos yaratilgan.
Keyinchalik, 2022-yilda loyiha-smeta hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, mazkur loyiha Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashida 2022-yil 9-avgust kuni 19-sonli yig‘ilish bayoni bilan ko‘rib chiqilgan. Kengash bayonining 13-bandiga muvofiq, qurilish loyihasining fasadi Samarqand shahri tarixiy me’moriy muhitiga mos an’anaviy uslubda amalga oshirilishi hamda viloyat Arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosasi asosida bajarilishi sharti bilan ma’qullangan.
Shuningdek, mazkur hudud YUNESCOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomli obyekt bilan bog‘liq bo‘lgani sababli, barcha loyihaviy o‘zgarishlar xalqaro talablar va milliy qonunchilik normalariga muvofiq ravishda muvofiqlashtirilib boriladi.
Hozirda qurilish ishlari amaldagi ruxsat hujjatlariga muvofiq olib borilmoqda. Shu bilan birga, loyiha bo‘yicha jamoatchilik fikrini inobatga olish va mavjud e’tirozlarni koʻrib chiqish maqsadida tegishli tashkilotlar ishtirokida qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.
Aholining shikoyatlari, murojaatlari hamda e’tirozlari qonuniy tartibda tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Fuqarolarning manfaatlari va tarixiy shahar qiyofasini saqlash masalalari doimo e’tiborda bo‘ladi.
Madaniy meros obyektlari atrofida olib borilayotgan har qanday qurilish ishlari qonunchilik asosida, ekspertlarning xulosalari va tegishli ruxsatnomalar bilan amalga oshiriladi.
