Yoshlar ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi
2025-10-27 16:15:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashevga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi og‘ir toifaga kiruvchi “Kun nuri”, “Amudaryo”, “Qumjiqqin” va “Samanko'l” mahallalari biriktirilgan.
Shu munosabat bilan agentlik tomonidan hududlarda yoshlar bilan ishlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, bilim va tafakkurini rivojlantirishga qaratilgan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Shu jarayonning mantiqiy davomi sifatida bugun, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida, Xo‘jayli tumanidagi Yoshlar markazi binosida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Tadbirda yuqorida qayd etilgan mahallalardan faol yoshlar ishtirok etdi. O‘yin davomida jamoalar o‘z bilim darajalari, tezkor fikrlash qobiliyatlari va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyish etishdi.
Yakunda g‘olib jamoalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar tashabbuskorlik va bilim olishga bo‘lgan intilishni rag‘batlantiruvchi bunday loyihalar doimiy tarzda tashkil etilishi lozimligini ta’kidlashdi.
Mazkur “Zakovat” o‘yini yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish va muloqot madaniyatini rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.




