Latviyada tajriba almashish: Dobele tumanida uyg'unlashgan himoya tizimlari o‘rganildi
2025-10-15 16:35:00 / Yangiliklar

Xabar qilganimizdek, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassislari o‘zaro tajriba almashish maqsadida Latviya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Xizmat safari doirasidagi navbatdagi manzil Dobele tumanidagi Latviya agronomlar jamiyatining "Vecauce" fermer xo‘jaligi bo'ldi. Agentlik mutaxassislari ushbu fermer xo'jaligida o‘simliklarni uyg'unlashgan himoya qilish (IPM) bo‘yicha ilg‘or tajribalar, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar bilan tanishdilar.
Fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan dala tarixi, yer unumdorligini ta’minlash va uzoq muddatli agroiqtisodiy barqarorlikka erishish borasidagi tajribasi qiziqarli bo'ldi.
Safar doirasidagi yana bir muhim manzil Dobele bog‘dorchilik instituti bo‘ldi. Bu yerda meva yetishtirish, ayniqsa mayda mevalarni qayta ishlash sohasidagi ilg‘or yondashuvlar taqdim etildi.
Institut mutaxassislari jumladan, Deniels Udalovs tomonidan meva mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash texnologiyalari hamda ularni eksportga tayyorlashdagi ilg‘or tajribalar bilan tanishtirildi. Qolaversa, institutdagi ilmiy-tadqiqot ishlari, laboratoriya sharoitida o‘tkazilayotgan sinovlar, seleksiya va nav tanlash ishlari bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.
Mazkur xizmat safari O‘zbekiston agrar sohasi mutaxassislari uchun katta amaliy ahamiyat kasb etmoqda. O‘rganilgan tajriba va bilimlar mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, resurslardan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasida turtki bo‘lib xizmat qiladi.






