Turkmaniston mutaxassislari bilan zararli chigirtkalarga qarshi kurashishda tajriba almashildi
2025-10-14 12:35:00 / Yangiliklar

Turkmanistonning o‘simliklarni himoya qilish sohasi mutaxassislaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Agentlikning Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish bo‘limi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuvda mutaxassislarga O‘zbekistonda uchraydigan chigirtka turlari, ularning iqtisodiy zarar mezonlarini aniqlash, tarqalishini bashorat qilish usullari, kuzgi va bahorgi kuzatuv ishlarini tashkil etish tartibi, zamonaviy biologik va kimyoviy vositalardan foydalanish, ularning samaradorligi va sarf me’yorlari haqida ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlarini avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali boshqarish amaliyoti namoyish qilindi.
O‘rganishlar doirasida ikki davlat mutaxassislari mavsumda hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama etishdi. Xususan, O‘zbekiston va Turkmanistonning chegaradosh hududlarida zararli chigirtkalarga qarshi kuzatuv-nazorot va kurash tadbirlarini tezkorlik bilan amalga oshirish, shuningdek o‘tkazilgan ishlovlar maydoni yuzasidan doimiy axborot almashish masalalari muhokama etildi.
Bu kabi hamkorlik tadbirlari ikki davlatninn fitosanitar sohadagi o‘zaro ishonch va tajriba almashishni mustahkamlaydi hamda qishloq xo‘jaligi uchun zararli organizmlarning tarqalishini oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.



