Italiya “study tour”: robot-yuklovchilar jalb etilgan korxona faoliyati o‘rganildi
2026-05-29 21:35:00 / Yangiliklar

Emiliya-Romanya mintaqasida joylshgan korxona 1976-yilda tashkil topgan. Italiyaning eng yirik “Confcooperative” kooperativlar uyushmasi tizimiga kiradi. 14 mingdan ortiq fermer va o‘nlab qishloq xo‘jaligi kooperativlarini birlashtiradi.
Kompaniya har yili 600 ming tonnadan ortiq meva, sabzavot va pomidor mahsulotlarini qayta ishlaydi hamda ishlab chiqarish zanjirining barcha bosqichlarini — urug‘ tanlashdan tortib tayyor mahsulotni iste’molchiga yetkazishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.
Korxona Yevropada mashhur bo‘lgan 7 ta brend ostida mahsulotlar tayyorlanadi. Ayniqsa, mahalliy aholi orasida “Cirio” brendi mashhur. Ushbu brend 1856-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Yevropadagi eng qadimiy pomidor mahsulotlari brendlaridan biri hisoblanadi. U 2004-yilda Conserve Italia tarkibiga qo‘shilgan.
Agroeksport sohasidagi mutaxassislar uchun kompaniyaning ishlab chiqarish modeli alohida qiziqish uyg‘otadi. Sababi tashkilot “Daladan iste’molchigacha” tamoyili ostida seleksiya va urug‘chilik, ko‘chat tayyorlash, mahsulot ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash hamda marketing va eksportni amalga oshiradi.
Mazkur samarali yondashuv mahsulotlarning to‘liq kuzatuvchanligini, yagona sifat standartlarini va eksport bozorlarida yuqori raqobatbardoshlikni ta’minlaydi.
Kompaniya mahsulotlari dunyoning o‘nlab mamlakatlariga eksport qilinadi va pomidor mahsulotlari, sharbatlar, konservalangan meva hamda sabzavotlar bozorida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.





