9-may — Xotira va qadrlash kuni
2026-05-09 13:10:00 / Yangiliklar

Qadrli yurtdoshlar, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka tilaymiz. Mehnatkash va donishmand xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!
Ikkinchi jahon urushida o‘sha davrda 6,8 million aholiga ega O‘zbekistondan 1 million 950 ming nafar kishi qatnashgan. Ularning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘lgan, 158 mingdan ziyod kishi bedarak yo‘qolgan, 60 mingdan ortiq yurtdosh nogiron bo‘lib qaytgan.
Respublika 1,5 milliondan ziyod evakuatsiya qilingan insonni, jumladan, 250 ming nafar yetim bolani qabul qilgan.
Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘mdan pul mukofoti berildi. Shuningdek, ularni davolash va dam oldirish bo‘yicha imtiyozli tizim amal qilib kelmoqda.
Bugun jamiyatda tinchlik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni asrash muhim.
Xotira va qadrlash ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lsin, aziz Vatandoshlar!
