Xavflarni boshqarish tizimi (SUR): tadbirkorlarni ogohlantirish yo‘lga qo‘yiladi
2026-04-14 20:10:00 / Yangiliklar

Bugun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan 200 nafarga yaqin tadbirkor ishtirokida xavflarni boshqarish tizimi (SUR) yuzasidan ZOOM-platformada muloqot o‘tkazildi.
Asosiy e’tibor – “yashil", "sariq" va "qizil" yo‘laklar tartibi yana bir bor tushuntirildi.
Tahlilga asoslangan “Xavflarni boshqarish tizimi” (SUR) rivojlangan davlatlarning eksport modeli asosida joriy etilib, fitosanitar toza mahsulotlar eksporti hajmini oshirish, xorijiy davlatlar tomonidan cheklov va taqiqlar xavfini minimallashtirish, eksport statistikasi aniq va shaffof yuritilishi natijasida soliqlar tushumini to‘liq ta’minlashga qaratilgan.
“Yashil” yo‘lakda fitosanitariya va eksport talablariga javob beradigan korxonalar kiritilib, ular uchun karantin nazorati va mahsulotlarni eksportga jo‘natish jarayonlari soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Sariq yo‘lak o‘rta xavf hisoblanib, mazkur toifaga talablarni surunkali ravishda buzib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari kiritiladi. Bunday toifadagi tadbirkorlik subyektlari uchun nazorat tanlab olish tamoyili asosida amalga oshirilib, oziq-ovqat talablari qat’iy qo‘llaniladigan ba’zi turdagi mahsulotlar uchun laboratoriya tahlili majburiy etib belgilanadi.
Qizil yo‘lak yuqori xavf sanalib, eksport talablariga amal qilmasdan, qoidalarni muntazam ravishda buzib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan korxonalar kiritiladi.
Muloqotda toifa o‘zgarishidan avval tadbirkorlarni ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. Mazkur muddat kamchiliklarni bartaraf etish va eksportni cheklamaslik uchun imkoniyat bo‘ladi. O‘rinli taklif yuzasidan raqamlashtirish boshqarmasiga topshiriq berildi, qisqa fursatlarda ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Shuningdek, eksportga tayyorlanayotgan mahsulot uchun ichki fitosanitar sertifikat rasmiylashtirishda tomorqa xo‘jaliklaridan yig‘ib olinadigan mahsulotlar uchun mahalla nuqtasini qayd etish belgilandi.
Bundan tashqari, dala ID’sini rasmiylashtirish uchun asos bo‘lgan talablar tushuntirib berildi. Xalqaro amaliyotda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotda zararli organizm aniqlangan taqdirda hududda zaruriy karantin choralarini tezkor amalga oshirish imkoniyati bo‘ladi. Bundan tashqari, bu yondashuv xavfsiz hududlar uchun kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Muloqotda alohida e’tibor korrupsion holatlarni oldini olishga qaratildi. Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi tomonidan Agentlik tizimida zarurat bo‘lganda ichki surishtiruvlar o‘tkazilishi va tezkor choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi. Tadbirkorlik subyektlari korrupsiya holatlari yuzasidan 71-202-6464 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.



