Qozog'istondagi meva-sabzavot bozori xitoyliklarga boy berildi(mi)?
2025-12-15 14:10:00 / Yangiliklar

Mazkur fikrlarga javoban quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Qozog‘iston Respublikasi O‘zbekistonning yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida ham.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi 3 yilda qo‘shni davlatga eksport qilingan meva-sabzavotlar narxi o‘rtacha hisobda 40-45 sentga to‘g‘ri kelgan. Bu esa meva-sabzavot mahsulotlari eksportida yuqori daromadga erishishni maqsad qilgan mahalliy yetishtiruvchilar uchun kam. Galdagi maqsad oldingidek katta hajmda mahsulotlarni arzon narxlarda eksport qilish evaziga bozorni “ushlab” qolish emas. Balki davlatimiz rahbarining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 136-son qaroriga asosan to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan davlatlarga hududlarning ixtisosligidan kelib chiqqan holda mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali eksporti hajmini oshirishdan iborat.
2025-yil 13-dekabr holatiga meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 3 milliard AQSH dollardan ortib, o‘tgan yilining mos davriga nisbatan 136 foiz o‘sishga erishildi.
Bu ko‘rsatgichlarga erishishda quyidagi omillar sabab:
- o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 tonna mahsulot 210 dollar qimmatroq sotildi (joriy yilda 958 dollar, o‘tgan yilda 748 dollar);
- eksport hajmi 77 ta davlatda o‘sdi;
- 8 ta davlatga 36 turdagi meva-sabzavot eksporti uchun fitosanitar ruxsatlar olinib, fitosanitar ruxsatlar soni 644 taga yetkazildi;
- eksport geografiyasi 19 ta yangi bozorga kengayib (+2,4 mln dollar), 88 ta davlatga eksport amalga oshirildi.
- eksport nomenklaturasi 15 turga ko‘payib, 125 turga yetkazildi (“TOP” mahsulotlar: loviya, uzum, mosh, mayiz, nektarin, piyoz, xurmo, muzlatilgan olcha, quritilgan olxo‘ri, quritilgan o‘rik, karam, tariq, Grek yong‘og‘i, tarvuz).
Belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Karantin agentligi tomonidan bozorlar talabi o‘rganildi va eksport qilinadigan mahsulotlarning salkam 35% diversifikatsiya qilinishi natijasida Qozog‘istonga eksport hajmi kamaygan. Biroq Amerika qit’asi, Yevropa, Arab, Yaqin va o‘rta sharq, Osiyo davlatlariga 665 mln AQSH dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi.
Shu bilan birga qo‘shni davlat bilan fitosanitar sertifikatlarning elektron almashinuvi yo‘lga qo‘yilmagani ham o‘zaro savdoga ta’sir qilmoqda. Sababi ba’zi holatlarda Qozog‘iston tomoni mahsulotning kelib chiqish sertifikatiga shubha bildirib, uchinchi davlatning bojini qo‘llashi natijasida to‘lovlar qimmatlashib, tadbirkorlik subyektlari tomonidan eksport hajmi qisman kamaygan. Yoki boj to‘lovini kamaytirish uchun mahsulot narxini atayin pasaytirib yozish holatlari tendensiyasi ham kuzatilmoqda. Bu yo‘nalishda qo‘shni davlatning tegishli tashkiloti bilan muzokaralar olib borilib, milliy tizimlarning integratsiyasini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.
Qozog‘iston O‘zbekistoning eng yaqin strategik hamkorlaridan biri bo‘lib qoladi. Shu bilan birga mahsulotlarni diversifikatsiyalash orqali eksport hajmini oshirish va turli bozorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliyot davom etadi.
