“InnoWeek-2025” — Koreya bilan yuqori texnologik va innovatsion hamkorlik uchun qulay platforma
2025-07-15 18:00:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sh.Rajabbayev Koreyaga xizmat safari davomida Gyeongbuk texnoparkida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida texnopark faoliyati, xususan, rezidentlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari bilan tanishildi.
Shuningdek, Koreya hukumatining (ODA dasturi) grant mablag‘lari asosida Farg‘ona yoshlar texnoparkida amalga oshirilayotgan “Raqamli ishlab chiqarish texnologik markazi” loyihasida Gyeongbuk texnoparkining ishtiroki muhokama qilindi.
Bundan tashqari, joriy yiling 9-11-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “InnoWeek-2025” – Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida Koreya pavilyonini tashkil etish, unda koreyalik korxonalar va startaplarni taklif qilgan holda innovatsion mahsulot hamda ishlanmalarni namoyish etish masalasi yuzasidan ham fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, Gyeongbuk texnoparki (GBTP) 1998-yilda tashkil etilgan. U kichik va oʻrta biznes hamda startaplarni rivojlantirish, ilgʻor texnologiya markazlarini boshqarish va mintaqaviy sanoat siyosatini rivojlantirish orqali mahalliy iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlaydi. Qolaversa, yuqori texnologiyali ekotizimlarni qurish uchun global hamkorlar bilan faol ishlash orqali sanoat, ilm-fan va hukumat o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi.



