Yosh innovatorlarni qo‘llab-quvvatlashda Vengriya bilan hamkorlik qilinadi
2025-07-02 17:30:00 / Yangiliklar

2025-yil 2-iyul kuni Innovatsion rivojlanish agentligi vakillari hamda Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Jozsef Rozsa janoblari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda quyidagi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi:
- Vengriyaning Milliy tadqiqotlar, ishlanmalar va innovatsiyalar idorasi bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy loyihalarni e’lon qilish imkoniyatlari;
- O‘zbekistonlik talaba va yosh tadqiqotchilarni HUN-REN, Obuda universiteti, Etvos Lorand universiteti hamda Budapesht texnika va iqtisodiyot universiteti (BME) kabi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda stajirovka dasturlariga jalb etish;
- O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirish maqsadida Vengriya ko‘magida akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
- Vengriya tomonidan ajratilayotgan o‘quv kvotalari doirasida O‘zbekiston talabalari uchun imkoniyatlarni kengaytirish;
- Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etiladigan “InnoWeek.Uz–2025” haftaligida Vengriya texnologik yutuqlari va startaplarini namoyish etish maqsadida alohida pavilon tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarni izchil davom ettirish, muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlar shakllantirish va aniq amaliy qadamlarni belgilab olish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.



