Shahrisabzda “Iqtisodiy rivojlanish va raqobatbardoshlikni oshirishda kichik va o‘rta biznesni keng qo‘llab-quvvatlash” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-05-28 16:00:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuv doirasida O‘zbekistonda startaplar rivoji uchun yaratilgan imkoniyatlar, MUNIS loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, dastlabki yutuqlar hamda istiqboldagi rejalar keng muhokama qilindi. Ishtirokchilar bugungi kunda tez o‘zgarayotgan global iqtisodiy sharoitlar fonida startap ekotizimini yana-da barqaror va raqobatbardosh qilish yo‘llarini izlash ustida fikr almashdi.
Tadbirda Innovatsion rivojlanish agentligi boshqarma boshlig‘i Rustam Ergashev, Jahon bankining xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Yerali Beksulton, MUNIS loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari Dilshod Azgarov, “DOMiNO Ventures” boshqaruvchi hamkori Yagiz Karadeniz, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ISCAD xalqaro markazi direktor o‘rinbosari Dilfuza Egamberdiyeva hamda loyiha doirasida muvaffaqiyatga erishgan startap vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarni xalqaro tijoratlashtirish bo‘yicha ekspert Sergey Makarov olib bordi.
Davra suhbati davomida quyidagi yo‘nalishlar alohida eʼtirof etildi:
-
MUNIS loyihasining innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdagi o‘ziga xos va amaliy yondashuvi;
-
saralash va inkubatsiya bosqichlarining samarali tashkil etilgani;
-
texnik ko‘mak va mentorlik dasturlari orqali startaplarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilgani;
-
investorlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgani.
Shuningdek, ekotizimni mintaqaviy darajada kengaytirish, venchur moliyalashtirish mexanizmlarini faol jalb etish va startaplar uchun barqaror moliyaviy model yaratish zarurligi taʼkidlandi. Muhokamalar davomida ishtirokchilar innovatsion ekotizimni shakllantirishda davlat-xususiy sheriklikning ahamiyatiga alohida urg‘u berdilar.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar MUNIS dasturining keyingi bosqichlarida hamkorlikni davom ettirish, yangi startaplarni jalb qilish va mavjud ekotizimni yana-da mustahkamlash bo‘yicha umumiy fikrga kelishdi.
Mazkur uchrashuv nafaqat tajriba almashish maydoniga, balki yangi g‘oyalar, istiqbolli tashabbuslar va kelajakdagi hamkorliklar uchun mustahkam zamin yaratdi.
