KECHA BOSHLANGAN ISHLAR YORUGʻ ISTIQBOLDAN DARAK BERMOQDA
2025-12-25 15:15:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari Karmana tumanini innovatsion hududga aylantirish tashabbusini ilgari surgan edi. Bundan yangi ish oʻrinlari ochish, yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini oshirish va innovatsion faoliyatga jalb qilish koʻzlangandi. Oʻtgan vaqtda ushbu tashabbus ijrosi yuzasidan dasturlar ishlab chiqildi. Shu namuna asosida viloyatning boshqa shahar-tumanlarida ham ishlar boshlab yuborildi. Natija esa quvonarli — Karmanada yangi korxonalar soni koʻpayib boryapti.
Yaqinda sanoat korxonalari uchun metall mahsulotlar yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik loyiha ishga tushirildi. Zavod yengil konstruksiya va energiyatejamkor texnologiyalar asosida qurildi. Muhimi, ilgari chetdan sotib olinadigan koʻplab uskuna va butlovchi materiallar mahalliylashtirildi. Yiliga 10 milliard soʻmlik metall buyum ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona mahsulotlar tannarxini barqaror saqlashga xizmat qilyapti.
— Tumanimizda 2024-yilda umumiy qiymati 94,4 million dollarlik 61 ta loyiha ishga tushirildi, — deydi Karmana tumani iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi Dilshod Haydarov. — Natijada 2394 ta ish oʻrni ochildi. Ayni vaqtda 20 dan ziyod korxona 30 dan ortiq davlatga sanoat va meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilmoqda.
Rivojlanish iqtisodiyotga innovatsiya va yuqori texnologiyalarni joriy etish bilan bogʻliq. Bu esa tadbirkordan izlanish va shijoat talab etadi. Ana shunday shijoat bilan ish boshlagan karmanalik tadbirkorlar safi kengayib bormoqda. Yaqinda shisha mahsulotlarni qayta ishlash korxonasi ish boshladi. Natijada yana 30 dan ziyod fuqaroning bandligi taʼminlandi.
— Korxonamiz 1 gektar yerda qurilgan, — deydi korxona rahbari Sardor Negmatov. — Ayni vaqtda korxonamizda toblangan oyna mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bir kunda 1000 kvadrat metrdan ortiq energiya tejovchi turli rangdagi oynalarni ishlab chiqarilmoqda. Korxonamiz yaqinda ishga tushirilgan boʻlsa-da, Qirgʻiziston va Tojikistonga mahsulot eksport qilyapmiz. Kelgusida eksport geografiyasini kengaytirib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini koʻpaytirishni rejalashtirganmiz. Shisha mahsulotlarni qayta ishlashda katta tajriba ega rossiyalik va xitoylik mutaxassislar korxonamizdagi ishchi-xodimlarga zamonaviy texnologiyalarni oʻrgatmoqda.
Karmanada xorijlik investorlar bilan ham samarali hamkorlik oʻrnatilgan. Turkiyalik mutaxassislar bilan ishga tushirilgan yana bir yirik korxona shular jumlasidan. 2 gektar maydonda Turkiyadan keltirilgan buta va mevali koʻchatlar yangi usulda parvarishlanyapti. Yillik eksport imkoniyati 1 million dollar boʻlgan ushbu loyiha toʻliq quvvatda ishga tushgach, 24 ta doimiy ish oʻrni ochiladi.
— Noyob koʻchatlarimiz Navoiyda ilk bor parvarish qilinyapti, — deydi turkiyalik agronom Burak Churk. — Bu turdagi koʻchatlar avval Toshkent viloyatidagi kichik maydonda sinovdan oʻtkazilgan edi. Navoiy viloyatida ham bu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishimizga ishonamiz. Koʻchatlar uchun maxsus tuvaklar shu yerning oʻzida buyurtma asosida tayyorlangan. Tuprogʻi Yevropadan olib kelingan. Koʻchatlar maxsus suv tizimi orqali oziqlantiriladi. Ular may oyida Turkiyadan keltirilganida 10-15 santimetr uzunlikda edi. Sentyabrdan boshlab koʻchatlar barqaror oʻsish holatiga kirdi. Ushbu koʻchatlar meva kirganidan keyin 15-20 yilgacha hosil beradi. Bu meva tibbiyotda juda noyob va turli kasalliklarni davolashda qoʻllanadi. Kelgusida yana 2 va 4 gektar maydonda shunday koʻchatlar parvarishlashni reja qilganmiz.
Karmana tumanidagi sanoat rivojida iqtisodiy zonalar faoliyati ham muhim oʻrin tutmoqda. Prezidentimizning oʻtgan yilgi tegishli qaroriga binoan “Navoiy sanoat rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki tashkil etish uchun Karmanadagi “Navoiy” erkin iqtisodiy hududidan 40,5 gektar yer ajratilgan. Sanoat parkida joylashtirish uchun dastlab qiymati 251,3 million dollarlik 19 ta istiqbolli loyiha roʻyxati shakllantirilgan. Jumladan, “Arnest Unigroup Navoiy” MCHJ tomonidan 2025-2026-yillarda qiymati 50 million dollarlik kosmetika va maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqaradigan loyihaga start berildi. Natijada 200 ta yangi ish oʻrni ochiladi. Shuningdek, Xitoyning “Haier” kompaniyasi bilan hamkorlikda maishiy texnika ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 60 million dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan muzokara olib borilmoqda. Bu loyiha amalga oshsa, 1600 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Karmanada xalqaro “Munis” loyihasi doirasidagi startaplar ham samarali faoliyat yuritmoqda.
— Jahon banki loyihasi boʻyicha xalqaro grant mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilgan qator startap loyihalar amalga oshirilmoqda, — deydi Karmana tumani hokimining innovatsion rivojlanish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻtkir Tillayev. — Argʻun mahallasida “Kif trade 21” MCHJ tomonidan qiymati 115 ming dollarlik non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi muvaffaqiyatli ish boshladi. Korxonada ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy texnologiyalar asosida oʻrga qoʻyilgan. Shuningdek, Talqoq mahallasida “Grand Medical Center Klinika” MCHJ tomonidan qiymati 100 ming dollarlik zamonaviy tibbiyot uskunasi (UZI) xarid qilish startap loyihasi ham toʻliq ish boshladi. Klinikadа zamonaviy diagnostika uskunalari orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda. Hozir ushbu ikki loyiha orqali 10 ta yangi ish oʻrni ochildi. Asosiysi, bu loyihalar tuman aholisi uchun yangi imkoniyatlar, sifatli mahsulot va xizmatlarni taqdim etmoqda.
Karmana ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati katta tumanlardan. Aholisi 143 ming kishidan oshdi. Bu, oʻz navbatida, odamlarni uy-joy bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlari ochish, infratuzilma bilan bogʻliq masalalarni ham keltirib chiqaradi. Shu bois, har bir yoʻnalish boʻyicha aniq dastur va rejalar tuzib olingan. Yangi gʻoya va tashabbuslar hamda istiqbolli loyihalar hududda ishlab chiqarish koʻlamini kengayishi, ish oʻrinlari koʻpayishida muhim omil boʻlmoqda. Bugun hududda ishbilarmonlar safi kengayyapti. Umuman, ilm-fan, biznes va ishlab chiqarishning uygʻunlashuvi natijasida Karmana innovatsion hududida gʻoyalar tayyor iqtisodiy loyihalarga aylantirilyapti. Hayotga tatbiq etilayotgan yangi loyihalar esa tuman aholisi uchun munosib yashash sharoiti yaratish va farovon turmush kechirishga xizmat qilmoqda.
Gʻolib ABDUSALOMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
