Kelgusida o‘zbekistonlik yosh olimlar Drezden texnika universitetida stajirovka o‘taydilar
2025-12-19 16:15:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan Germaniyaning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlaridan biri Drezden texnika universiteti masʼullari bilan onlayn yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Agentlik nomidan Ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i B.Shamuarotov, Buxgalteriya hisobi va moliya-iqtisod boʻlimi boshlig‘i F.Musurmonov, bosh mutaxassis D.Raxmatullayev hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bosh mutaxassisi Shuxrat Imamov ishtirok etdi. Muzokaralar davomida O‘zbekistonlik yosh olimlarni Drezden texnika universitetiga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborish masalalari muhokama qilinib, uchrashuv yakunida o‘zaro ilmiy hamkorlik memorandumini imzolash va dasturlar tuzishga kelishib olindi.
Maʼlumot uchun, Drezden texnika universiteti 1828-yilda tashkil etilgan bo‘lib, xalqaro nufuzli universitetlar reytingida 218-o‘rinni egallaydi. Universitet Germaniyaning eng yaxshi 9 ta texnika universitetlar konsorsiumiga (TU9) kiradi. Germaniyadagi ilmiy va taʼlim sifati yuqori universitetlar uchun beriladigan “University of Excellence” statusiga ega.



