O‘zbek olimasi qovundan ekologik marmelad yaratdi
2025-12-09 18:45:00 / Yangiliklar

Hamyurtimiz qovundan tabiiy va ekologik xavfsiz marmelad olishning yangi texnologiyasini ishlab chiqdi. Mahsulot tayyorlash uchun zarur bo‘lgan barcha tarkibiy qismlar O‘zbekiston hududida yetishtiriladigan xomashyolardan shakllantirilgani bilan ushbu loyiha alohida ahamiyatga ega. Bu esa mamlakat resurslariga tayanib, iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lgan ilmiy yechim yaratish imkonini berdi.
Toshkent davlat agrar universitetining 2-bosqich tayanch doktoranti, Jizzax politexnika instituti Qishloq xo‘jalik oziq-ovqat texnika va texnologiyalari kafedrasi assistenti Shaxlo Hoshimova yosh olimlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlovda g‘olib bo‘lib, Turkiyaning “BALIKESIR” universitetida malaka oshirdi.
Stajirovka davomida u Jizzax viloyatining Mirzacho‘l, Arnasoy, Do‘stlik va Sharof Rashidov tumanlarida keng maydonlarda yetishtiriladigan qovunlarni chiqitsiz qayta ishlash yo‘nalishida izlanishlar olib bordi. Ushbu tadqiqotlar natijasida qovundan tabiiy marmelad olishning samarali texnologiyasi ishlab chiqildi.
Tajriba jarayonida Turkiyaning Kirkagach, Dolaman va Yerlik qovun navlari O‘zbekistonning Ko‘kcha, Qirqma hamda Kampir navlari bilan solishtirilib, qimmatli ilmiy natijalar olindi. Shuningdek, olima Turkiyaning Manisa shahri, Karagach tumanidagi yirik omborlarda qovunni uzoq muddat saqlash texnologiyalari bilan amaliy tanishuv olib bordi.
Shaxlo Hoshimova o‘z tadqiqotlari, laboratoriya tahlillari va natijalarini birlashtirgan ilmiy maqola ustida ishlamoqda. Ushbu maqola 2026-yilda chop etilishi rejalashtirilgan, SCOPUS bazasiga kiritilgan xalqaro jurnallardan biriga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.



