Yoshlar texnoparklarida axborot boshqaruvi: zamonaviy yondashuv va kommunikativ strategiyalar
2025-12-05 15:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 3-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida davlat idoralari va xalq o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokamasi o‘tkazildi. Unda, xususan, aholining, jumladan yoshlarning davlat organlari bilan samarali muloqotini ta’minlash, ushbu jarayonning institutsional asoslarini mustahkamlash hamda zamonaviy kommunikatsion modelni shakllantirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Mazkur model jamiyat kayfiyati va jamoatchilik fikrini muntazam o‘rganish tizimi bilan chambarchas bog‘liq holda faoliyat yuritishi lozimligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Yoshlar texnoparklarida jamoatchilik bilan ishlashga mas’ul xodimlar ishtirokida navbatdagi onlayn yig‘ilish o‘tkazilib, yuqorida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosi chuqur muhokama qilindi. Tadbir davomida faoliyatni qayta ko‘rib chiqish, ish samaradorligini oshirish, kommunikatsiyani ochiq, tizimli va samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Yoshlar texnoparklari faoliyatini media maydonida keng va sifatli yoritish, targ‘ibot ishlarida innovatsion formatlardan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlardagi faollikni oshirishga qaratilgan amaliy takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilishda yoshlar innovatsion faoliyatini muntazam yoritib borish, startap loyihalar haqida aholiga tezkor, aniq va ishonchli axborot yetkazish, shuningdek, shaffof kommunikatsiya mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida jamoatchilik bilan ishlash faoliyatini samarali tashkil etish, media kontent sifatini oshirish va hududlarda erishilayotgan natijalarni keng ommaga yetkazish bo‘yicha tegishli topshiriq va vazifalar belgilab olindi.
