Qo‘ziqorin yetishtirish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘zlashtirildi
2025-11-28 17:00:00 / Yangiliklar

Maʼlumki, qoʻziqorin yetishtirish serdaromad soha sanaladi. Birgina “veshenka” navi 28 kunda hosilga kirib, bir oyda toʻliq pishib yetiladi. Bitta ikki kilogramm sheluxa solingan qopga joylangan urugʻlar 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Afzallik tomoni, uni yil davomida yetishtirib, daromad olsa boʻladi, mavsum tanlamaydi. Prognozlarga ko‘ra ayni damda jahon bozorida 75 mlrd dollarga teng ekani aytilayotgan qoʻziqorin yetishtirish sanoati hajmi 2032-yilga borib 136 mlrd dollarga yetishi kutilyapti. Yevropada ishchi kuchi tanqisligi sharoitida ishlab chiqarishning robotlashtirilishi samaradorlikni oshirishda muhim omil boʻlmoqda.
Vengriyada boʻlib turgan delegatsiyamiz vakillarining Budapesht yaqinidagi BIOFungi qoʻziqorin yetishtirish markazida boʻlishi ham bejiz emas. Boisi, soʻnggi yillarda respublikamizda mazkur mahsulot koʻpgina yurtdoshlarimiz tomonidan nafaqat uy sharoitida, balki korxonalarda ham yetishtirilmoqda. Demakki sohaga xalqaro tajribani olib kirish, raqamlashtirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va yangi texnologiyalarni mahalliy jarayonlarga integratsiya qilish ayni muddao.
“BIOFungi” Markaziy Yevropadagi eng yirik va toʻliq avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish majmuasi boʻlib, qoʻziqorin yetishtirishning barcha bosqichlari zamonaviy texnologiyalar asosida boshqariladi. 30 yildan beri faoliyat yurituvchi korxona mahsulotlari Germaniya, Polsha, Italiya, Daniya va Belgiya kabi davlatlarga eksport qilinadi.
Delegatsiyamiz vakillari, shuningdek, markazda qoʻllanilayotgan innovatsion yechim — yer osti energiyasidan foydalanib suv haroratini boshqarish orqali yiliga 1 megavatt energiya ishlab chiqarishga imkon beruvchi zamonaviy tizim bilan ham yaqindan tanishdilar. Ushbu texnologiya oʻzaro tajriba almashinuvi va hamkorlik istiqbollari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Eslatib oʻtamiz, mazkur xizmat safari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-iyul kuni Andijon viloyatida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi hamda aholini qiynayotgan masalalarga yechim topish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan topshiriqlar boʻyicha 39-son bayonda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan tashkil etilgan boʻlib, joriy yilning 5-dekabr sanasiga qadar davom etadi.




