Innovatsion rivojlanish agentligi vakillari BMT Taraqqiyot uchun fan va texnologiyalar komissiyasining navbatdagi sessiyasida ishtirok etdi
2025-11-21 12:20:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi vakillari Jeneva shahrida joylashgan BMT qarorgohida o‘tkazilgan Taraqqiyot uchun fan va texnologiyalar komissiyasining “Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sun’iy intellekt davrida” mavzusidagi navbatdagi sessiyasida ishtirok etdi. Mazkur yig‘ilishda global ilm-fan va innovatsiya ekotizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar, xususan ilmiy tadqiqotlar ochiqligi va innovatsiyalarga teng kirish imkoniyatlarini ta’minlash, sun’iy intellektning boshqaruvi hamda iqtisodiyot va ilmiy tadqiqotlarga ta’siri muhokama qilindi.
Agentlik direktori maslahatchisi Fazilat Qodirova sessiyada innovatsion ekotizmda amalga oshirilayotgan islohotlar va sun’iy intellektga oid dolzarb masalalar hamda ma’lumotlar xavfsizligi borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, sessiya doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma ilmiy loyiha va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellektni mas’uliyat bilan joriy etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, Sun’iy intellekt summiti rahbari, Tsyurix universiteti professori A.Piotti va Jon Hopkins biznes maktabi professori R.Agarval bilan uchrashuv tashkil etilib, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya sohasida hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.


