XAVFSIZLIK — BARCHAMIZNING UMUMIY MAS’ULIYATIMIZ! G‘IJDUVON TUMANI IIB BOSHLIG‘I, POLKOVNIK SHARIPOV BAHODIRXO‘JA ZARIFOVICHNING AHOLIGA PROFILAKTIK-OGOHLANTIRUVCHI MUROJAATI
2026-10-05 17:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

INTERNETDAGI “OSON PUL” — HAQIQIY XAVF!
Bugungi kunda firibgarlar texnologiyalardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. 9 oy davomida tumanimizda axborot texnologiyalari orqali 18 ta jinoyat sodir etilgan.
“Yutuq yutib oldingiz”, “Pulingizni ko‘paytirib beramiz”, “Onlayn kredit tasdiqlandi” kabi shubhali xabarlarga ishonmang.
Bank karta raqami, PIN-kod, SMS orqali keladigan tasdiqlash kodlarini hech kimga bermang. Noma’lum APK fayllarni yuklamang, shubhali havolalarni ochmang.
Hatto yaqin insoningizning ovoziga o‘xshash qo‘ng‘iroq orqali pul so‘rashsa ham, avvalo ma’lumotni tekshiring. Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanilgan firibgarliklardan ham ogoh bo‘ling.
MOL-MULKINGIZNI O‘ZINGIZ ASRANG!
41 ta o‘g‘rilik holatining qayd etilgani xonadonlar, avtomobillar, chorva mollari va boshqa mol-mulklarni qarovsiz qoldirmaslik zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shuning uchun:
xonadon va avtomobillaringizni qarovsiz qoldirmang;
chorva mollaringizni nazoratsiz tashlab ketmang;
eshik-derazalarning mustahkamligini tekshiring;
hovli, xonadon va savdo obyektlariga videokuzatuv kameralarini o‘rnating;
imkon qadar mulkingizni texnik qo‘riqlash tizimiga ulang.
Kuzatuv kamerasi — shunchaki qurilma emas, jinoyatning oldini olishdagi muhim vositadir.
OILA TINCHLIGI — JAMIYAT TINCHLIGI
Afsuski, tan jarohati bilan bog‘liq ayrim jinoyatlar oilaviy-maishiy nizolar oqibatida sodir bo‘lmoqda.
Har qanday kelishmovchilikni zo‘ravonlik bilan emas, muloqot va qonuniy yo‘l bilan hal qilaylik.
Yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etaylik, ularni nazoratsiz qoldirmaylik. Farzand tarbiyasiga befarqlik — kelajak xavfsizligiga befarqlikdir.
SIZNING BIRTA XABARINGIZ INSON HAYOTINI SAQLAB QOLISHI MUMKIN!
Bugungi kunda tuman miqyosida qidiruvda bo‘lgan 15 nafar shaxs aniqlanmagan.
Agar mahallangizda shubhali shaxs yoki holatga duch kelsangiz, jinoyat yoki huquqbuzarlik haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, “112” qisqa raqamiga zudlik bilan xabar bering.
Befarq bo‘lmaylik! Sizning xabaringiz orqali jinoyatning oldi olinishi, og‘ir oqibatlarning oldini olish va hatto inson hayotini saqlab qolish mumkin.
AZIZ G‘IJDUVONLIKlar!
Jinoyatchilikka qarshi kurash — faqat IIBning vazifasi emas. Bu — barchamizning umumiy burchimiz.
Bugun ko‘rilgan oddiy ehtiyot chorasi ertaga katta muammoning oldini olishi mumkin.
Ogohlik — xavfsizlik garovi.
Hushyorlik — tinchlik kafolati.
Hamjihatlik — jinoyatchilikka qarshi eng katta kuch!
Keling, G‘ijduvonimiz tinchligi va xavfsizligini birgalikda asraylik!
“Jinoyat sodir bo‘lgandan keyin emas, uni sodir bo‘lishidan oldin bartaraf etaylik!”
