RASMIY MUNOSABAT
2026-09-04 18:35:00 / Rasmiy munosabat

O‘rganishlar davomida Oqrabot mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi hozirgi kunda Soktari MFY hududida joylashgan “Soktari 2” suv inshooti orqali qisman ichimlik suvi bilan ta’minlanayotgani aniqlandi. Mazkur inshoot orqali hududdagi 100 dan ortiq xonadonga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.
Shu bilan birga, “Soktari 2” suv inshootining mavjud quvvati ushbu hudud aholisini to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun yetarli emas. Mazkur suv inshooti asosan Sayidkent va Baqqollar MFYlaridagi aholi xonadonlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida qurilgan bo‘lib, yoz faslining issiq kunlarida suvga bo‘lgan talabning ortishi natijasida ayrim vaqtlarda ichimlik suvi ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Oqrabot MFY Baqqollar MFY bilan chegaradosh hududda joylashganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yilda qabul qilingan 435-sonli qarori asosida mahalla hududiga jami 12,0 kilometr keltiruvchi va tarqatuvchi ichimlik suvi tarmoqlari tortilgan.
Fuqaro Eshpo‘latov Rashid Xudoyberdiyevich murojaatida ko‘rsatgan hudud ham joyiga chiqqan holda o‘rganilib, mazkur xonadonlarni ichimlik suvi tarmog‘iga ulash uchun qo‘shimcha 0,5 kilometr suv quvurini montaj qilish zarurligi aniqlandi. Biroq ushbu 0,5 kilometr quvurni tortishning o‘zi mazkur hudud aholisini barqaror va to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini bermaydi. Buning asosiy sababi — mavjud “Soktari 2” suv inshootining quvvati yetarli emasligi bilan bog‘liq.
Mazkur muammoni kompleks hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-avgustdagi PQ–266-sonli qarori asosida Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida amalga oshiriladigan “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish (2-bosqich)” loyihasi doirasida Rostgo‘y MFY hududida yangi “Rostgo‘y” suv inshootini qurish bo‘yicha takliflar kiritilgan.
Yangi “Rostgo‘y” suv inshooti qurilib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng Oqrabot MFY aholisi, shuningdek, unga tutash mahallalar aholisini ham barqaror va to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Shu munosabat bilan, fuqaroning murojaatida ko‘tarilgan masala asosli ekanligi inobatga olinib, muammoning yechimi faqat qo‘shimcha 0,5 kilometr suv quvuri tortish bilan emas, balki hududni yetarli quvvatga ega bo‘lgan suv inshooti bilan ta’minlash orqali kompleks hal etilishi ma’lum qilinadi.
Oqrabot MFY aholisini sifatli va barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi tegishli tartibda nazoratga olingan.
