RASMIY MUNOSABAT
2026-08-01 19:10:00 / Rasmiy munosabat

Mazkur murojaat yuzasidan G‘ijduvon tumani hokimligi tomonidan tegishli mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar natijasida 2026-yil 8-iyul kuni ko‘chma sirk tashkilotchilari G‘ijduvon tumani Oqrabot MFY hududida faoliyat olib borayotgani aniqlandi va ularning faoliyati joyiga chiqib o‘rganildi.
📑 Aniqlanishicha, mazkur ko‘chma sirk Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Xatirchi Hayvonot Bog‘i” MChJga tegishli ko‘chma hayvonot bog‘i hisoblanadi. Faoliyatni amalga oshirish uchun zarur hujjatlar, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan berilgan guvohnomalar taqdim etilib, belgilangan tartibda tekshirildi.
📄 Shuningdek, ko‘chma hayvonot bog‘i tomonidan Buxoro viloyati hududlarida tomoshalar tashkil etish maqsadida 2026-yil 5-yanvar kuni Buxoro viloyati IIBga murojaat qilinganligi hamda G‘ijduvon tumani hududida faoliyat olib borish yuzasidan tuman hokimligiga murojaat etilib, G‘ijduvon tumani hokimining 2026-yil 19-maydagi 01-04/1429-sonli xati bilan belgilangan tartibda javob berilganligi ma’lum bo‘ldi.
🩺 Holat tuman veterinariya bo‘limi mutaxassislari tomonidan ham o‘rganildi. Tekshiruv davomida ko‘chma hayvonot bog‘ida 2 bosh sher, 2 bosh bo‘ri, 3 bosh tulki, 1 bosh to‘ng‘iz, 2 bosh chiyabo‘ri, 1 bosh tovus, 2 bosh burgut, 2 bosh o‘laksaxo‘r, 1 bosh ilon, 1 bosh qirg‘iy, 1 bosh Amerika yenoti, 1 bosh ukki hamda 2 bosh echkiemar saqlanayotgani aniqlandi.
✅ Barcha hayvonlar veterinariya mutaxassislari tomonidan klinik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning Xatirchi tumani veterinariya bo‘limi nazoratida ekani, barcha yuqumli va zoonoz kasalliklarga qarshi profilaktik emlanganligi hamda tekshiruv vaqtida klinik jihatdan sog‘lom ekani tasdiqlandi.
🌿 Shu bilan birga, ko‘chma hayvonot bog‘i rahbariga yoz faslining issiq kunlarida hayvonlar uchun qulay sharoit yaratish, ularni salqin mikroiqlimda saqlash, to‘yimli ozuqa bilan ta’minlash hamda hayvonlar salomatligida o‘zgarish kuzatilgan taqdirda zudlik bilan veterinariya mutaxassislariga murojaat qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
🚚 O‘rganish ishlari yakunlangach, mazkur ko‘chma hayvonot bog‘i G‘ijduvon tumani hududidagi faoliyatini yakunlab, belgilangan tartibda tuman hududidan chiqib ketganini ma’lum qilamiz.
🤝 G‘ijduvon tumani hokimligi fuqarolar va jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan murojaatlarga doimo e’tibor bilan yondashadi. Har bir murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda mas’ul idoralar bilan hamkorlikda o‘rganilib, zarur choralar ko‘riladi.
