G‘IJDUVONDA “MUSTAQILLIK TO‘YI” FESTIVALI YUKSAK KO‘TARINKI RUHDA DAVOM ETMOQDA.
2026-07-24 14:55:00 / Yangiliklar

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirlar xalqimizning Vatanga muhabbati, tinchlik va osoyishtalikka shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat hissini kuchaytirishga xizmat qildi.
🎬 “Mustaqillik Kinokarvoni” loyihasi doirasida “Kelajak” markazida Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilari, tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi, Madaniyat bo‘limi vakillari, nuroniylar, ziyolilar, otinoyilar hamda yoshlar ishtirokida ma’naviy uchrashuv tashkil etildi. Tadbir davomida mustaqillikning bebaho ne’mati, tinchlikning qadr-qimmati haqida samimiy muloqotlar o‘tkazilib, Vatanga sadoqat va jasorat g‘oyalarini tarannum etuvchi “Farz” badiiy filmi namoyish etildi. Milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari, tasviriy san’at namunalari, jonli kuy-qo‘shiqlar hamda shaxmat-shashka musobaqalari bayramga alohida fayz bag‘ishladi.
🤝 “Millat fidoyilari” va “Ezgulik karvoni” loyihalari doirasida Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan qahramonlarning xonadonlariga tashrif buyurildi. Marhum O‘ktam Rahmatov va G‘ofurjon Rajabov xotirasi yuksak ehtirom bilan yod etilib, Qur’on tilovat qilindi, oila a’zolari holidan xabar olindi. Shuningdek, ularning farzandlariga maktab anjomlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
🕌 “Ziyorat odobi” va “Ma’rifat tur” loyihalari doirasida ishtirokchilar buyuk mutafakkir, Yetti Pir zanjirining birinchi halqasi Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy majmuasini ziyorat qildilar. Tashrif davomida ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi, ziyorat madaniyati hamda tarixiy obidalarni asrash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
🎤 Festivalning eng yorqin lahzalari “Qo‘rg‘on” mahallasidagi “Yoshlar” istirohat bog‘ida tashkil etilgan gala-konsert dasturida namoyon bo‘ldi. Unda Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilari, tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan Vatan va istiqlolni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari, she’rlar, sportchilarning chiqishlari hamda milliy hunarmandchilik va tasviriy san’at ko‘rgazmalari namoyish etildi. Bayram tadbirida 750 nafarga yaqin aholi va mehmonlar ishtirok etib, mustaqillik shukuhini birgalikda his etdilar.
🌟 “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan tadbirlar xalqimizning birdamligi, Vatanga muhabbati, milliy qadriyatlarimizga hurmati va buyuk ajdodlarimiz merosiga ehtiromini yana bir bor namoyon etdi.
Mustaqilligimiz – xalqimizning eng ulug‘ boyligi, tinchlik va taraqqiyotimizning mustahkam poydevoridir!









