G‘IJDUVON TUMANINING HAVZAK MAHALLASIDA YANGI 120 O‘RINLI DAVLAT MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI.
2026-07-09 13:50:00 / Yangiliklar

Tantanali ochilish marosimida G‘ijduvon tumani hokimi F. Umarov, ta’lim sohasi fidoyilari, nuroniylar, mahalla faollari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida yangi ta’lim maskanida yaratilgan zamonaviy sharoitlar ko‘zdan kechirilib, mazkur muassasa kelajak avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishida muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
💬 Tuman hokimi F. Umarov o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, G‘ijduvon tumanida ta’lim, ijtimoiy infratuzilma va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom etayotganini qayd etdi. Shuningdek, Havzak mahallasi aholisini yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirilgani bilan samimiy muborakbod etib, bu maskan farzandlarimizning bilimli, sog‘lom va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishida muhim dargohlardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.
🤝 Tadbirda so‘z olgan nuroniylar yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, xalq farovonligini yuksaltirish hamda yosh avlod kamolini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu islohotlar uchun samimiy minnatdorlik izhor etdilar. Milliy qadriyatlarimizga muvofiq, ushbu bunyodkorlik ishiga munosib hissa qo‘shgan quruvchilar e’tirof etilib, ularga to‘n kiydirildi.
🏗️ Loyiha "Qishloq qurilish loyiha" tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilish ishlari "Fast Quality Building" MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Zamonaviy me’moriy yechimlar asosida bunyod etilgan, 120 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan ushbu davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, intellektual va jismoniy rivojlanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
🌱 Yangi ta’lim maskanining foydalanishga topshirilishi G‘ijduvon tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va ijtimoiy sohadagi islohotlarning yana bir muhim natijasi bo‘ldi. Zero, farzandlar ta’limiga qaratilgan har bir bunyodkorlik loyihasi — Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagiga qo‘yilgan mustahkam poydevordir.









