26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan G‘ijduvon tumani prokurori Jo‘rayev Nodirjon Komilovichning tuman aholisiga murojaati.
2026-06-22 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Giyohvandlik va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasi inson hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazibgina qolmay, jinoyatchilikning ko‘payishi, oilalarning buzilishi hamda yoshlarning kelajagi izdan chiqishiga sabab bo‘layotgan xavfli illatlardan biridir. Shu bois ushbu muammoga qarshi kurashish davlat va jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan hisoblanadi.
Bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi tizimli choralar ko‘rilmoqda. Biroq bu boradagi natijadorlik fuqarolarning hushyorligi, ota-onalarning mas’uliyati va jamoatchilikning faol ishtirokisiz to‘liq ta’minlanmaydi.
Qadrli ota-onalar!
Farzandlarimizning tarbiyasi, ularning kimlar bilan muloqot qilayotgani, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani va hayotga bo‘lgan qarashlariga e’tiborli bo‘lish bugungi kunning eng muhim talabidir. Oila bag‘ridagi mehr, nazorat va samimiy muloqot yoshlarni turli zararli illatlar va noqonuniy ta’sirlardan asrashning eng samarali yo‘lidir.
Aziz yoshlar!
Sizlar yurtimizning ertangi kuni va xalqimizning eng katta boyligisiz. Hayotda ulkan marralarni egallash uchun sog‘lom turmush tarzi, mustahkam iroda, bilim va mehnat eng ishonchli yo‘ldir. Giyohvandlik va boshqa zararli odatlar esa insonning nafaqat sog‘lig‘ini, balki orzu-maqsadlari va kelajagini ham barbod qiladi. Shuning uchun har qanday noqonuniy va zararli takliflarga nisbatan murosasiz bo‘ling.
Hurmatli tumanimiz ahli!
Agar siz giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz, bu haqda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni so‘rayman.
Sizning fuqarolik pozitsiyangiz, hushyorligingiz va befarq bo‘lmasligingiz ko‘plab yoshlarning taqdirini saqlab qolishga, jinoyatlarning oldini olishga hamda mahallalarimiz tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Keling, barchamiz birgalikda giyohvandlikka qarshi murosasiz kurash olib boraylik. Farzandlarimizning sog‘lom va baxtli kelajagi, xalqimiz salomatligi hamda yurtimiz tinchligi yo‘lida birlashaylik.
Giyohvandlikka qarshi kurashish — qonun talabi, vijdon amri va har bir fuqaroning muqaddas burchidir.
Hurmat bilan
Jo‘rayev Nodirjon Komilovich
G‘ijduvon tumani prokurori
