26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan G‘ijduvon tumani IIB boshlig‘i, polkovnik Sharipov Bahodirxo‘ja Zarifovichning tuman aholisiga murojaati.
2026-06-21 15:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugungi kunda narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi nafaqat inson salomatligiga, balki jamoat xavfsizligi, oilalar osoyishtaligi va yoshlar tarbiyasiga ham katta tahdid solmoqda. Ayniqsa, internet tarmoqlari orqali narkotik moddalarni tarqatish, yoshlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilish va yashirin narkosavdo bilan shug‘ullanish holatlari dunyo miqyosida dolzarb muammoga aylanmoqda.
Shu bois mamlakatimizda narkojinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha qonunchilik yanada takomillashtirilib, bunday jinoyatlar uchun javobgarlik keskin kuchaytirildi. Narkotik vositalarning noqonuniy savdosi, yashirin narkolaboratoriyalarni tashkil etish, voyaga yetmaganlarni ushbu faoliyatga jalb qilish kabi jinoyatlar uchun qat’iy jazo choralari belgilangan.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlarimizning bugungi tarbiyasi — ertangi kelajagimiz garovidir. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kimlar bilan muloqot qilayotganiga, internetdagi faolligiga va qiziqishlariga e’tibor qaratish har bir ota-onaning muhim vazifasidir. Mehr, e’tibor va nazorat yoshlarni turli zararli oqimlar va illatlardan asrashning eng samarali yo‘lidir.
Aziz yoshlar!
Sizlar Vatanimizning eng katta boyligi va kelajagisiz. O‘z oldingizga yuksak maqsadlar qo‘ying, ilm oling, sport bilan shug‘ullaning, kasb-hunar egallang. Hech qachon sog‘lig‘ingiz, sha’ningiz va kelajagingizga putur yetkazuvchi zararli odatlarga aldanmang. Unutmang, giyohvandlik insonning nafaqat sog‘lig‘ini, balki uning orzu-maqsadlari va hayotini ham barbod qiladi.
Hurmatli fuqarolar!
G‘ijduvon tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga qarshi muntazam profilaktik va tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq jinoyatchilikka qarshi kurashda jamoatchilikning ko‘magi va fuqarolarning hushyorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Agar siz mahallangizda, ko‘changizda yoki atrofingizda narkotik vositalar bilan bog‘liq shubhali holatlarga duch kelsangiz, bu haqda zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar bering. Sizning befarq bo‘lmasligingiz bir insonning hayotini, bir oilaning baxtini va mahallangiz osoyishtaligini saqlab qolishga xizmat qilishi mumkin.
Keling, barchamiz birgalikda giyohvandlikka qarshi murosasiz kurash olib boraylik. Yoshlarimizni asraylik, oilalarimiz tinchligini va mahallalarimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida birlashaylik.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, farzandlarimiz sog‘lom va baxtli bo‘lsin!
Hurmat bilan
Sharipov Bahodirxo‘ja Zarifovich
G‘ijduvon tumani IIB boshlig‘i.
