G‘IJDUVON TUMANI IIB BOSHLIG‘I POLKOVNIK BAHODIRXO‘JA SHARIPOV TUMANDOSHLARGA MUROJAAT QILDI.
2026-06-02 13:10:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan G‘ijduvon tumani IIB boshlig‘i, polkovnik Bahodirxo‘ja Zarifovich Sharipov tumandoshlarimizga murojaat qilib, tuman hududida jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda jamoatchilikning o‘rni va mas’uliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
📊 Murojaatda qayd etilishicha, 2026-yilning o‘tgan 5 oyi davomida G‘ijduvon tumanida jami 200 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 109 taga yoki 35,3 foizga kamaygan. Ushbu natija tuman hududida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borilgan ishlarning amaliy samarasidir.
⚠️ Shu bilan birga, bugungi kunda axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlar hamon dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida internet tarmoqlari va mobil ilovalar orqali 22 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning asosiy qismini firibgarlik va o‘g‘rilik holatlari tashkil qilgan.
Murojaatda fuqarolar internet tarmoqlarida uchrayotgan:
🔹 “Yutuq yutib oldingiz”;
🔹 “Pulingizni ko‘paytirib beramiz”;
🔹 “Onlayn kredit olib beramiz”;
🔹 “Tez va oson daromad toping”
kabi yolg‘on va’dalar bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga aldanib qolmaslikka chaqirildi.
Shuningdek, bank kartasi ma’lumotlari, SMS-kodlar va boshqa maxfiy ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik, telefon va gadjetlarga ikki bosqichli himoya tizimini o‘rnatish, shubhali havolalar va ilovalarni yuklab olmaslik zarurligi alohida ta’kidlandi.
📌 Tahlillarga ko‘ra, joriy yil davomida qayd etilgan jinoyatlarning 72 tasi yoki 36 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar hisoblanadi. Bu esa har bir fuqarodan yanada katta hushyorlik va mas’uliyat talab etadi.
Xususan, firibgarlik, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish va yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar asosiy salmoqni tashkil etmoqda.
Ayniqsa, oilaviy kelishmovchiliklar va maishiy nizolar oqibatida sodir etilayotgan tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar jamiyatimizda ogohlik va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlash zarurligini ko‘rsatmoqda.
🚨 Murojaatda yana bir dolzarb masala — o‘g‘rilik jinoyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, sodir etilgan o‘g‘rilik holatlarining muayyan qismi xonadonlar, chorva mollari va transport vositalari bilan bog‘liq. Bu esa ayrim fuqarolarning mol-mulk xavfsizligiga yetarlicha e’tibor bermayotgani bilan izohlanmoqda.
📹 Shu bois tumandoshlar:
✅ xonadon va savdo obyektlariga videokuzatuv kameralari o‘rnatish;
✅ mulklarni texnik qo‘riqlash tizimlariga ulash;
✅ avtomashinalarni qarovsiz qoldirmaslik;
✅ chorva mollarini nazoratsiz tashlab ketmaslik;
✅ qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida ham xavfsizlik madaniyatini targ‘ib qilishga chaqirildi.
Ta’kidlanganidek, videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan hududlarda jinoyatlar sezilarli darajada kamayib, ko‘plab huquqbuzarliklarning oldi olinmoqda.
👨👩👧👦 Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni nazoratsiz qoldirmaslik, turli salbiy oqimlar va noqonuniy harakatlardan asrash masalasi ham murojaatning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
🤝 G‘ijduvon tumani IIB boshlig‘i Bahodirxo‘ja Sharipov murojaatida tuman aholisini jinoyatchilikka qarshi kurashishda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga chaqirdi.
— “Jinoyatchilikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu — barchamizning umumiy burchimiz. Mahallamiz, oilamiz va farzandlarimiz kelajagi uchun befarq bo‘lmasligimiz, har bir huquqbuzarlikning oldini olishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur,” — deyiladi murojaatda.
📞 Fuqarolardan mahalla va hududlarda kuzatilayotgan shubhali holatlar, huquqbuzarliklar yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi vaziyatlar haqida zudlik bilan “112” qisqa raqami orqali xabar berish so‘raldi.
Aziz G‘ijduvon ahli! Tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikning oldini olish hamda farzandlarimiz uchun xavfsiz va farovon kelajak yaratish yo‘lida birlashaylik. Zero, xavfsiz mahalla, osoyishta ko‘cha va farovon hayot — barchamizning hamkorligimiz va ogohligimiz natijasidir.
