Botir Zaripov o'zi tahsil olgan maktabdagi "So'ngi qo'ngiroq" tadbirida ishtirok etdi
2026-05-25 12:45:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan maktab bitiruvchilariga yo‘llangan samimiy tabrik barcha tadbirlarga o‘ziga xos ruh va yuksak ma’no bag‘ishladi. Davlat rahbarining yoshlarga bo‘lgan mehri, ishonchi va katta umidi har bir bitiruvchining qalbida cheksiz g‘urur va mas’uliyat tuyg‘usini uyg‘otdi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov ham o‘zi tahsil olgan Gʻijduvon tumanidagi 49-umumta’lim maktabida bo‘lib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi. U dastlab Prezidentning bitiruvchi yoshlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi hamda ustozlarni samimiy qutlab, mustaqil hayot sari qadam qo‘yayotgan yoshlarga oq yo‘l tiladi.
Tadbir davomida maktabni a’lo baholarda tamomlayotgan o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari taqdirlandi. Shundan so‘ng maktab hovlisida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangrab, bitiruvchilar uchun unutilmas lahzalar muhrlandi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, bugungi bitiruvchilar — Yangi O‘zbekistonning ertangi bunyodkorlari, Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan bilimli va tashabbuskor yoshlardir. Mamlakatimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi, tadbirkorlik va innovasion faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shundan so‘ng viloyat hokimi maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. O‘quvchi-yoshlar bilan muloqot qilib, ularning orzu va maqsadlari bilan qiziqdi.
Ayniqsa, maktabda tashkil etilayotgan sun’iy intellektni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan sinf xonasi uchun zamonaviy jihozlar hamda maktab kutubxonasi uchun eng sara kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, kitob o‘qish, mustaqil fikrlash, zamonaviy bilim va kasblarni egallash — bugungi davrning eng muhim talabi hisoblanadi. Ana shu ezgu g‘oyalar Buxoro viloyati maktablarida o‘tkazilgan tadbirlarda ham keng targ‘ib qilindi.
Shuningdek, o‘quvchilar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, ularning iqtidori va qiziqishlarini yuzaga chiqarish maqsadida mas’ullarga qo‘shimcha vazifa va topshiriqlar berildi.









