G‘IJDUVONDA YOSHLAR KELAJAGI UCHUN MUHIM QADAM: “KASBLAR FESTIVALI” VA OCHIQ MULOQOT O‘TKAZILDI.
2026-05-21 19:25:00 / Yangiliklar

Haftaning payshanba kuni — Yoshlar kuni munosabati bilan G‘ijduvon tumanidagi 2-son texnikumida “Kasblar festivali” hamda “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi F. Umarov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, mas’ullari, ta’lim sohasi vakillari, ota-onalar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
🎓 Festival davomida yoshlar bugungi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, zamonaviy va xalqaro maydonda ommalashayotgan yo‘nalishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, qisqa muddatda kasb egallash, daromad topish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda dual ta’lim orqali amaliy tajriba asosida bilim olish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
🛠 Texnikumlar o‘qituvchilari va o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar, amaliy ishlanmalar va innovatsion loyihalar tadbirga alohida ruh bag‘ishladi. Yangi ochilishi rejalashtirilayotgan yo‘nalishlar taqdimoti esa yoshlarning qiziqishi va intilishini yanada oshirdi.
🤝 Ayniqsa, tuman hokimi F. Umarov rahbarligida bitiruvchi yoshlar bilan tashkil etilgan ochiq muloqot samimiy va mazmunli ruhda o‘tdi. Yoshlar o‘zlarining kelajak rejalari, taklif va tashabbuslarini bildirib, qiziqtirgan savollariga rahbarlar tomonidan atroflicha javob oldilar.
Tadbir davomida bir jihat yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi — bugungi yoshlar nafaqat bilim olishga, balki jamiyat taraqqiyotiga daxldor bo‘lishga ham intilmoqda. Ana shunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash esa Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
🤼♂️ Shundan so‘ng rahbarlari sport maktabida bo‘lib o‘tadigan “Prokuror kubogi”ning 4-sektor bosqichi doirasidagi kurash musobaqalariga tashrif buyurib, yosh sportchilarning chiqishlarini kuzatdilar hamda ularga omad tiladilar.
💬 Kun yakunida esa tuman hokimi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan samimiy uchrashuv tashkil etilib, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi, bandligini ta’minlash va hayotda munosib o‘rin topishiga oid masalalar muhokama qilindi.
📌 G‘ijduvonda o‘tkazilayotgan bunday keng qamrovli tadbirlar yoshlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda Vatan taraqqiyotiga daxldor avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yoshlarga e’tibor — kelajakka e’tibor!









