G‘IJDUVONDA “SHIJOAT VA G‘AYRAT” HARBIY-SPORT MUSOBAQASINING TUMAN BOSQICHI QIZG‘IN DAVOM ETMOQDA!
2026-04-30 14:05:00 / Yangiliklar

Musobaqada har bir mahalladan 10 nafardan ishtirokchi saralab olindi. Ular orasida 2 nafar qizlarimizning ham ishtirok etayotgani yoshlarimiz, ayniqsa qizlarimizning sport va harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishlaridagi faolligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ishtirokchilar musobaqa davomida jismoniy tayyorgarlik, tezkorlik, matonat va jamoaviy hamjihatlikni namoyon etib, yuksak sport ruhini ko‘rsatmoqdalar. Har bir harakat — Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat va g‘alabaga intilish ifodasidir.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi F. Umarov hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etib, yoshlar tarbiyasi va ularni vatanparvarlik ruhida kamol toptirish masalalarining dolzarbligini alohida ta’kidladilar.
Tadbir davomida Prezidentimizning yoshlar haqidagi fikrlari ham e’tirof etildi:
“Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning bunyodkor kuchi, kelajagimiz tayanchidir.”
Tadbir ertalabki badantarbiya mashqlari bilan boshlandi. Shundan so‘ng Davlat madhiyasi yangrab, barcha ishtirokchilarda faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Shuningdek, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i va mutaxassislari tomonidan sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish hamda kasalliklarning oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Ushbu musobaqa — yoshlar qalbida jasorat, g‘ayrat va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlovchi muhim tarbiya maktabidir!









