G‘ijduvonda yangi hosilga mustahkam poydevor yaratilmoqda!
2026-04-01 23:55:00 / Yangiliklar

Joriy yilda tumanda jami 14 761 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 5 246 gektar g‘alla, 7 835 gektar paxta, shuningdek sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va oziqa ekinlari yetishtiriladi. Bu esa aholi farovonligi va bozorlardagi barakani ta’minlashga xizmat qiladi.
Paxtachilik sohasi esa alohida e’tiborda. Bu yil 7 835 gektar maydonga paxta ekilishi belgilangan bo‘lib, shundan 2 751 gektarda zamonaviy “Shinjon” usuli joriy etilmoqda. Mazkur usul hosildorlikni oshirish, suv va resurslarni tejashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tumanda paxta ekish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida 34 ta zamonaviy qo‘sh qator chigit ekish texnikalari jalb etilgan. Ularning 12 tasi “Shinjon” usuliga moslashgan bo‘lsa, 22 tasi zamonaviy “Case” rusumli ekkichlardan iborat bo‘lib, yuqori unumdorlikni ta’minlamoqda.
Qulay ob-havo sharoiti tufayli mart oyining o‘rtalaridan boshlab chigitlar yerga qadala boshlandi. Bugungi kunda esa ayrim hududlarda nihollar unib chiqib, dehqon va fermerlarning mehnati o‘z samarasini bera boshladi.
Xususan, Ulfatbibi va G‘ovshun hududlarida faoliyat yuritayotgan “Zuxro Agro zamini” hamda “Hurmatbibi kumush omadi” fermer xo‘jaliklarida chigitlarning unib chiqishi yuqori hosilga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda. Bu esa nafaqat fermerlar daromadini oshiradi, balki yurtimiz iqtisodiy barqarorligiga ham munosib hissa qo‘shadi.
G‘ijduvon dalalaridagi bugungi mehnat — ertangi farovonlik kafolati!









