Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish – jamiyat barqarorligining muhim kafolati.
2026-03-16 12:40:00 / Yangiliklar

Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi PF–33-sonli Farmoni mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Mazkur hujjat xotin-qizlar va bolalarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda adolat va qonuniylikni ta’minlashga qaratilganligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda erta nikoh holatlarining oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga ongli ravishda tayyorlash, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish va ayollar hamda bolalarga nisbatan har qanday tazyiq va zo‘ravonlikka murosasiz munosabatni qaror toptirish bugungi kunning eng dolzarb vazifasi ekani qayd etildi. Shuningdek, mahalla tizimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilik hamkorligi muhimligi alohida ta’kidlandi.
Ma’ruzachi tomonidan davlatimiz tomonidan ayollar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, qonuniy kafolatlar hamda profilaktik choralar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ayniqsa, mahallalarda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, erta nikoh va maishiy zo‘ravonlikning oldini olishda fuqarolarning huquqiy ongi va mas’uliyati muhimligi qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tinglanib, jamiyatda tinchlik, oilada mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish yo‘lida targ‘ibot hamda profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.






