Ma’lumki, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan.
2026-03-12 21:20:00 / Yangiliklar

Shundan kelib chiqib, viloyat hokimi Botir Zaripov G‘ijduvon tumanidagi ta’lim muassasalarida bo‘lib, o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi.
Viloyat rahbari dastlab 35-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandi, moddiy-texnik bazasi bilan qiziqdi. Shuningdek, maktab rahbariyati va pedagogik jamoasi bilan muloqot qilib, ularning ta’lim sifatini ko‘tarish bo‘yicha taklif va muamolarini tingladi.
Ma’lum qilinishicha, 1989-yilda qurilgan, 624 o‘rinli mazkur ta’lim maskanida hozirda 567 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olmoqda. Pedagog xodimlar soni 56 nafarni, 11-sinf bitiruvchilari 29 nafarni tashkil etib, 21 nafar o‘quvchi OTM ga, 5 nafar o‘quvchi esa texnikumga kirish istagini bildirgan.
Botir Zaripov maktab bitiruvchilarining avvalgi yillarda oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlarini tahlil qildi, o‘qishga kira olmagan yoshlarning hozirda qanday yumush bilan bandligi haqida so‘radi. Ayni masalani mutasaddilar bilan keng muhokama qildi.
Maktab bitiruvchilari bilan uchrashuv ham qizg‘in kechdi. Viloyat rahbari mamlakatimizda, jumladan, Buxoroda yoshlarga oid davlat siyosati ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar xususida to‘xtalib, yoshlarni ochiq va oshkora muloqot qilishga chaqirdi.
Samimiy ruhda o‘tgan ochiq muloqotda yoshlar o‘zlarining yutuqlari, rejalari, maqsadlari haqida gapirdilar, takliflarini bildirdilar.
Masalan, o‘quvchilardan biri maktabning sport maydoni holatini yaxshilash taklifini bildirgan bo‘lsa, yana bir o‘quvchi kutubxonani kengaytirish va kitob fondini boyitish bo‘yicha yordam so‘radi.
Botir Zaripov har bir bildirilgan taklif bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va ijrosi alohitda nazoratga olinishi yuzasidan soha mas’ullariga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.









