G‘IJDUVON TUMANI HOKIMINING DAVLAT XIZMATCHILARIGA MUROJAATI.
2026-03-02 14:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Korrupsiyaga qarshi kurashish – bu shunchaki vazifa emas, bu farzandlarimizning kelajagi, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovon hayoti uchun kurashdir. Bu – davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, halollik va adolat tamoyillarini hayotga chuqur singdirish demakdir. Muhtaram Prezidentimiz, Shavkat Mirziyoyev Miromonovich o‘z murojaatnomalarida korrupsiyani davlat taraqqiyotiga jiddiy tahdid sifatida baholab, unga qarshi murosasiz kurashish zarurligini qat’iy ta’kidlab kelmoqdalar.
Shu bois, G‘ijduvon tumanida ham korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi keskin va tizimli choralar ko‘rilmoqda. Har bir davlat xizmatchisi – xalq taqdiriga daxldor mas’ul shaxs. Shuning uchun har birimiz har bir imzo, har bir qaror va har bir xizmat ortida odamlar ishonchi va umidi turganini chuqur his qilishimiz zarur. Halollik, ochiqlik va shaffoflik – bugungi kunning eng muhim talabi.
Xalq davlat idoralariga emas – davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak degan ezgu tamoyilni to‘liq hayotga tatbiq etaylik. Fuqarolarga qulaylik yaratish, murojaatlarni o‘z vaqtida va adolatli ko‘rib chiqish, ortiqcha byurokratiyaga barham berish – korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali yo‘lidir.
Men, G‘ijduvon tumani hokimi, barcha davlat xizmatchilarini ogohlikka va mas’uliyatni yanada kuchaytirishga chaqiraman. Keling, birgalikda G‘ijduvon tumanini halollik, adolat va shaffoflik hududiga aylantiraylik, korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz muhitni shakllantiraylik va xalqimizga halol va vijdonan xizmat qilaylik.
