Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori!
2026-02-26 21:35:00 / Yangiliklar

Bu tashabbuslar — shunchaki raqamlar emas. Bu — har bir yoshning orzusi, intilishi, kelajak rejasi va muvaffaqiyati uchun yaratilayotgan haqiqiy imkoniyatlardir.
Har payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” joriy etiladi — bu davlat va yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqotning yangi bosqichidir.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ ajratiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 300 million so‘mgacha oshiriladi.
Yirik loyihalar uchun 10 milliard so‘mgacha moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.
Innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritingishga ruxsat beriladi.
Eng yaxshi 1000 nafar yoshga 7 foizli imtiyozli ssuda ajratiladi.
Yosh oilalar uchun ipoteka kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bu islohotlar — yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga aylantirish, ularning intellektual va iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan strategik qadamlardir.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida G‘ijduvon tumanida keng qamrovli ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Viloyat prokurori U.Xamdamov hamda tuman hokimi F.Umarov rahbarligida tuman prokurori, IIB rahbari, Soliq inspeksiyasi boshlig‘i va boshqa mas’ullar ishtirokida yoshlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazildi. Har bir murojaat va har bir taklif e’tibor markazida bo‘ldi.
Haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” doirasida tumandagi 60 ta maktabning yuqori sinf o‘quvchilari bilan ochiq va samimiy suhbatlar tashkil etildi. Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar batafsil tushuntirildi, yoshlarning kelajak rejalari va kasb tanlash borasidagi fikrlari tinglandi.
49-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan muloqot ayniqsa mazmunli bo‘ldi. O‘quvchilar o‘z maqsadlari, orzu-intilishlari va ularni qiynab kelayotgan muammolarini ochiq bayon etdilar. Mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olinishi ta’kidlandi.
Uchrashuvdan so‘ng maktab hovlisida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali nihollar ekildi. Bu ezgu tashabbus — nafaqat atrof-muhitni obod qilish, balki yoshlar qalbiga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini singdirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilinib, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi manzil — zamonaviy qiyofada barpo etilayotgan “Sharq” mahalla guzari bo‘ldi. Mahalla faollari bilan ishsiz yoshlar bandligi va ularni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi. Har bir yosh taqdiri davlat e’tiborida ekanligi amalda namoyon bo‘ldi.
1-son kasb-hunar texnikumi bitiruvchilari bilan ham ochiq muloqot o‘tkazildi. Davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va yordamlar haqida atroflicha ma’lumot berilib, yoshlar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirishlari va murojaatlarning ijrosi nazoratga olinishi ta’kidlandi.
Bugun yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot — davr talabi. Chunki yoshlar — Yangi O‘zbekistonning tayanchi, islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.
Yoshlarga ishonch bildirgan jamiyat — albatta yuksaladi.
Yoshlarga imkoniyat berilgan davlat — albatta taraqqiy etadi.
Zero, yoshlarga e’tibor — millat kelajagiga e’tibordir!









