Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Farg‘ona tinchlik forumini yuqori baholadi
2025-10-15 15:05:00 / Yangiliklar

Muloqot avvalida Eduards Stiprays Farg‘onada o‘tkazilayotgan Tinchlik forumining yuqori darajada tashkil etilganini alohida ta’kidladi. U O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslari natijasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlar mustahkamlanib, strategik sheriklik ruhidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
Uchrashuvda, xususan, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan hamkorlik izchil rivojlanib, hududlararo munosabatlar faollashgani hamda chegara bilan bog‘liq muammolar deyarli hal etilgani e’tirof etildi. Mintaqadagi tinchlik va hamjihatlik davlatlar taraqqiyotida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida qator dolzarb masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etib o‘tildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari so‘nggi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotganini ta’kidladi.
Ayniqsa, Farg‘ona viloyati Yevropa davlatlari bilan ta’lim, tibbiyot, migratsiya va savdo-investisiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirib kelayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Yevropa Ittifoqi bilan hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.


