Rishtonga “Butunjahon Hunarmandlar shahri” maqomi berildi
2025-09-20 13:05:00 / Yangiliklar

Unda kulollar, xalqaro tashkilotlar, nuroniylar, faollar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokchilarni Qo‘qon shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivali va Rishtonda ikkinchi bor tashkil etilayotgan Xalqaro kulolchilik forumi bilan samimiy qutladi.
Viloyatimizning qadim tarixga, buyuk tamaddunga ega ikki hududi bugungi kunda nufuzli anjumanlarga mezbonlik qilayotgani, Rishton tumanidagi bu tadbirga dunyoning 26 ta davlatidan 100 dan ortiq eng taniqli va iqtidorli kulollari qatnashayotganligi qayd etildi.
Mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyoda kulolchilik markazi sifatida ma’lum mashhur bo‘lgan Rishtonga “Butunjahon Hunarmandlar shahri” degan maqom berilayotganligi muhim voqea bo‘lganligi bildirildi.
Jahon hunarmandchilik kengashi qaroriga ko‘ra, o‘tgan yillarda Qo‘qon, Marg‘ilon kabi ko‘hna shaharlarga Hunarmandchilik shahri maqomi berilgan, Rishton tumaniga ham shunday maqom berilishi asrlar mobaynida avloddan-avlodga bezavol o‘tib kelayotgan boqiy an’ana va qadriyatlarimizning yuksak e’tirofidir.
Rishtonlik usta-kulollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar o‘zining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Ayni kunlarda bu an’analar yangi bosqichda davom ettirilmoqda. Bu yerda Xalqaro kulolchilik markazi barpo etildi. Rishtonda bugungi kunda 40 mingga yaqin yoshlar kulolchilik hunarini o‘rganishmoqda. “O‘zbekiston xalq rassomi” va “O‘zbekiston xalq ustasi” faxriy unvonlariga ega bo‘lgan Ibrohimjon Komilov, “O‘zbekiston xalq rassomi” Bobojon Nishonov, “O‘zbekiston san’at arbobi”, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi Sharofiddin Yusupov kabi mohir kulollarning izdoshlari Rishton va uning atrofidagi qishloqlarda an’anaviy kulolchilik rivoji uchun samarali mehnat qilmoqdalar. Rustam Usmonov, Alisher Nazirov, Shokirjon Ahmadjonov, Ravshanjon Tojiddinov, Tohir Haydarov, Muhayyo Sattorova, Yo‘ldoshali Polvonov va boshqalarning badiiy kulolchilik buyumlari dunyoning barcha davlatlarida ko‘rgazma peshtaxtalarida o‘z jilolari, betakror bezaklari bilan jahon hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga tortib turibdi.
Tadbirda shular xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Amaliy san’atimizni dunyoga tanitishda yaqindan ko‘mak berayotgan, “Jahon hunarmandlar shahri” maqomini berilishiga katta hissa qo‘shgan Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti janob Saad al-Qaddumiyga minnatdorchilik bildirildi.
Forum arafasida Rishton tumani uchun yana bir muhim voqea yuz berdi - Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan Rishton tumaniga “Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak unvon berildi.
Butunjahon hunarmandlar kengashi Prezidenti Saad al-Qaddumiy ushbu maqom Rishtonni butun dunyodagi o‘rnini yanada mustahkamlab olishida muhim qadamlardan biri bo‘lganligini ta’kidladi.
Tadbir davomida xorijiy ekspertlar ham so‘z olib, mazkur maqomni berishda e’tibor qaratilgan jihatlarga to‘xtalib o‘tdilar.
Butunjahon hunarmandlar kengashi Prezidenti Saad al-Qaddumiy tomonidan Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqovga maxsus sertifikat tantanali topshirildi.









