Viloyat hokimi Qo‘qon shahrida shaharsozlik va sport infratuzilmasi bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi
2026-02-07 18:25:00 / Yangiliklar

Taqdimotga ko‘ra, Qo‘qon shahri hududida 52 gektar maydonda yangi shaharcha barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu shaharchada shaharning barcha ma’muriy binolari hamda davlat tashkilotlari bir joyga jamlanishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha bilan tanishish jarayonida viloyat hokimi yangi shaharcha bosh rejasini mukammal ishlab chiqish, ijtimoiy obyektlarning joylashuvi bo‘yicha aniq va asoslangan takliflar tayyorlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Shu kuni viloyat hokimi Shikorbegi mahallasida barpo etilayotgan futbol stadionini ham borib ko‘rdi. Qayd etilishicha, ushbu mahallada 2025-yilda tashkil etilgan “Kelajak futbol ligasi” mahallalardagi futbolga qiziquvchi yoshlarni birlashtirib, ularning iqtidorini rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.
Ayni paytda qurilayotgan stadion kelajak futbol ligasida ishtirok etayotgan yosh iqtidorli sportchilar uchun mashg‘ulotlar va musobaqalar o‘tkazishda muhimligi ta’kidlandi.
Futbol maydoni bilan tanishish chog‘ida viloyat hokimi infratuzilmani zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.



