Rishton tumani va Yaponiyaning Maydzuru shahri o‘rtasida imzolangan memorandum asosida har yili Rishton tumanidagi yapon tiliga ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari ushbu mamlakatda grant asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lib kelmoqda
2025-12-23 10:55:00 / Yangiliklar
Mazkur hamkorlik doirasida har yili dekabr oyida maxsus saralash imtihonlari o‘tkaziladi. Imtihon natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan o‘quvchilar Yaponiyadagi ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilinadi. Joriy yilgi imtihonlar yakuniga ko‘ra, rishtonlik o‘quvchilar Davron Zaylobiddinov va Akbarshoh Abduqodirov Yaponiyaning Maydzuru shahrida joylashgan politexnika kollejiga o‘qishga qabul qilindi.
Kuni kecha Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqov tanlov g‘oliblari bilan uchrashib, ularni qo‘lga kiritilgan yutuq bilan tabrikladi hamda Kunchiqar yurtdagi ta’lim jarayonida muvaffaqiyat tiladi. Uchrashuv davomida belgilangan tartibda tegishli shartnomalar imzolandi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur o‘quvchilar 2026-yilning mart oyida Yaponiyaga jo‘nab ketishi rejalashtirilgan.
Rishtondagi yapon tili maktabidan iqtidorli o‘quvchilarning Yaponiyada tahsil olishi yildan yilga barqaror an’anaga aylanib bormoqda. Shu kunga qadar mazkur ta’lim muassasasini tamomlagan 300 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar Yaponiyada o‘qish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ayniqsa, 2019-yilda Rishton tumani va Maydzuru shahri o‘rtasida memorandum imzolanganidan so‘ng o‘zaro hamkorlik yanada faol bosqichga ko‘tarildi.
